BBC muxbiriga Vaziristondagi o‘zbeklar nimalarni aytishdi?

Image caption Pokiston Toliboni rahbari Hakimulloh Mahsud ham O‘zbekiston Islomiy harakati rahbari Usmon Odil ham dron hujumida o‘ldirilgani xabar qilingan

Pokistondagi toliblarning sobiq rahbari Hakimullo Mahsud Shimoliy Vaziristonda bir hafta muqaddam halok etilgandi.

O‘zbekiston Islomiy harakati Hakimulloh Mahsudning asosiy ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘riladi.

BBC Urdu xizmatining Pokistondagi muxbiri Ahmad Vali Hakimulloh Mahsud o‘limidan oldin u bilan suhbat qilgan so‘nggi jurnalistdir.

Ahmad Vali Shimoliy Vaziristonda O‘zbekiston Islomiy harakati jangchilari bilan ham uchrashganini aytadi:

Ahmad Vali: Bir oy oldin men Pokistonning ozod qabilalar yashovchi mintaqalariga borgan edim. U yerda Pokistondagi Tolibon harakati rahbarlari, xususan harakatning sobiq rahbari Hakimullo Mahsud bilan suhbatlashdim. Pokistonning qabila mintaqalarida turli xildagi Toliblar bor. Ular orasida Markaziy Osiyo va Qofqozdan borgan islomiy jangchilar juda ham ko‘p, ayniqsa O‘zbekiston, Tojikiston va Chechenistondan. Qaboilda ularni juda ko‘p uchratasiz. Mahalliy aholi ularni "xorijiy mujohidlar" yoki "O‘zbekiston Islomiy harakati mujohidlari", deb ataydi.

Savol: Ularning mahalliy aholi bilan munosabati qanday?

Ahmad Vali: Ikki yil oldin Janubiy Vaziristonda mahalliy aholi va o‘zbeklar o‘rtasida janglar bo‘lgan. Shundan keyin O‘zbekiston Islomiy harakati jangchilari Janubiy Vaziristondan Shimoliy Vaziristonga ko‘chib o‘tishdi. Hozirda o‘zbeklar va boshqa Markaziy osiyolik "toliblar" ahvolini juda yaxshi deb aytish mumkin. Ular mukammal tarmoqni shakllantirib bo‘lganlar va "Al-Qoida" va Pokistondagi Tolibon harakati rahbarligi ostida faoliyat yuritishadi. Zikr etganim guruhlar o‘rtasida juda yaqin va maxfiy aloqa mavjud.

Savol: O‘zbekiston Islomiy harakati saflariga qo‘shilayotganlar ko‘pmi?

Image caption BBC muxbiri Ahmad Vali bir oy oldin Shimoliy Vaziristonga borgan

Ahmad Vali: Men Pokistondagi Tolibon va O‘zbekiston Islomiy harakati rahbarlarining ba‘zilari bilan suhbatlashdim. Men ulardan O‘zbekiston va O‘rta Osiyoning boshqa mintaqalaridan saflaringizga qo‘shilayotganlar soni ko‘pmi, deb so‘raganimda, ular hozirda ham juda ko‘p O‘rta osiyoliklar ular safiga qo‘shilayotganini aytishdi.

Savol: Iqtisodiy jihatdan ularning yashash sharoitlari qanday edi?

Ahmad Vali: Bilamizki, Pokistondagi Toliblar juda oddiy hayot kechirishadi. Ularga beriladigan yordam manbalari hech qachon oshkor etilmaydi. Lekin shu ma‘noda O‘zbekiston Islomiy harakati tizimi juda faoldek ko‘rindi menga. Shunchalarki, O‘zbekiston Islomiy harakati hozirda nafaqat Afg‘onistonda balki Pokiston ichkarisida ham harbiy amaliyotlar o‘tkazishga qodir. Ularga, menimcha, turli yo‘llar bilan moddiy yordam kelib turadi.

Savol: Ularning aqidalari qanday? Avval boshda O‘zbekiston Islomiy harakati O‘zbekistonda islomiy davlatni qurishni maqsad qilgandi. Ular hozir ham shu niyatdamilar?

Ahmad Vali: Islomiy aqida nuqtai nazaridan olganda, ular orasida hanafiylari ham bor, salafiylari ham bor. Lekin nishonlari, mening o‘ylashimcha, haliyam O‘zbekiston bo‘lib turipti. Ammo hozir ular Pokistonda va Afg‘onistonda amaliyotlar o‘tkazishmoqda. Umuman O‘zbekiston Islomiy harakati o‘ta qattiq intizomi bilan boshqa guruhlardan farq qiladi. Harakat a‘zolari ham qurolli amaliyotlarda o‘ta jasurligi va qaytmasligi bilan ajralib turishadi.