Toshkent metrosi: Reklamalar xavfsizlikdan chalg‘itadi, pogonlilar esa sergaklantiradi

Xavfsizlik choralari kuchayishi ortidan yo‘lovchilar soni tushib ketgan Image copyright none
Image caption Xavfsizlik choralari kuchayishi ortidan yo‘lovchilar soni tushib ketgan

Rasmiylar Toshkent metrosidan reklamalar nima uchun olib tashlanganiga izoh bergan. Toshkent metrosi qo‘riqlash xizmatiga mas‘ul shaxs reklamalar yo‘lovchilarning e‘tiborini chalg‘itishi va bu xavfsizlikka ta‘sir qilishi mumkinligini bildirgan. Ushbu izoh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining kulgisiga sabab bo‘lgan.

Toshkent metropolitenini qo‘riqlash bo‘yicha Ichki ishlar organi bataloni qo‘mondoni podpolkovnik Ruslan Irnazarov Toshkentda chop etiladigan "Na postu" gazetasiga bergan intervyusida metroni to‘ldirgan ogohlikka da‘vat qiluvchi tashviqotlar haqida gapirgan.

"Reklamaga qarab qolgan yo‘lovchi kimdir tomonidan tashlab ketilgan sumkani payqamay qolishi yoki boshqa yo‘lovchining o‘zini boshqacha tutishiga e‘tibor qaratmasligi mumkin. Shuning uchun metrodagi reklama o‘rniga fuqarolarni ogohlikka chorlovchi ko‘rgazmali tashviqot paydo bo‘ldi", - degan Ruslan Irnazarov.

"Metroda musiqa tinglash ham ta‘qiqlansin"

Toshkent metrosidagi reklamalar bundan 2 yil oldin biror tushuntirishlarsiz yo‘qolgan edi. Uning o‘rniga har bir vagon va bekatda ogohlikka chorlovchi plakatlar paydo bo‘lgan.

Har bir bekatda esa "Ehtiyot bo‘ling eshiklar yopiladi" degan mashhur jumlaning yoniga "Ogoh bo‘ling, metropoliten xodimlariga xabar bering" kabi hushyorlikka chorlovchi chaqiriqlar qo‘shilgan.

Podpolkovnik Irnazarovning intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan. Foydalanuvchilar xavfsizlik uchun reklamalarning yo‘qolganini kulgi ostiga olishgan.

"Metroga naushniklar olib kirishga ham qarshiman! Masalan, men musiqa eshitib uxlab qolaman yoki chalg‘iyman va yonimdagi qutini ko‘rmayman", - kinoya qiladi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Reklama ogohlikdan chalg‘itar ekan, unda hamma joydan reklamani olib tashlash kerak degan kesatiqqa to‘la twitlar yozilgan.

"Man yana davlat telekanallaridagi reklamalarga ham qarshiman. Bu reklamalar odamlarni shubhali quti va odamlarni topishdan chalg‘itmoqda. Reklama - zararli, reklama - ommaviy madaniyat elementi, u bizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi, hushyor va ogoh bo‘lishimizga xalal beradi. Shunday ekan, undan faqat metropolitenda emas, butun mamlakat miqyosida voz kechmoq kerak".

Twitter foydalanuvchisi reklamalar hamma joydan olib tashlansa, "ko‘chalarda reklamalarga anqaymay, yana o‘sha ko‘chalarda turgan shubhali qutilar, yurgan shubhali shaxslar haqida shonli militsiyaga xabar beramiz", - deydi.

Toshkent metrosi O‘zbekistondagi aeroport, vokzal, stadion singari qattiq qo‘riqlanadigan ob‘ektlar sirasiga kiradi.

Har bir bekatga kirish va chiqish joylarida kamida ikki militsioner metalni aniqlovchi uskunasi bilan turadi va qo‘lida biror sumkasi bor har bir yo‘lovchini tekshirish huquqiga ega.

Gohida ushbu militsionerlar bilan birga itlarini yetaklab olgan kinologlar ham navbatchilik qiladi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan hattoki jeton sotuvchi kassalarning ham oldingi joylari o‘zgartirilib metro eshiklaridan tashqariga chiqarilgan.

Bekat eshiklaridan kirib kelish bilan u yerda yana bir militsiya va Milliy xavfsizlik xizmati xodimi sumkalarni tekshiradi. Ushbu xodimlarga endi sumkalarning ichini ochib unda nima borligini bilish vakolati berilgan.

Yo‘lovchi shundan so‘ng bekatga kiradi. U yerda ham kamida to‘rtta militsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari navbatchilik qilib yuradi.

Tartibbuzar pogonlidan hayiqadi

Rasmiylar pogonli xodimlarning mavjudligi tartibbuzarliklarning oldini olishiga ishonadi.

"Na postu" gazetasiga bergan intervyusida Rasul Irnazarov barcha metro bekatlariga keng ko‘rinishni ta‘minlovchi qo‘shimcha video kameralar o‘rnatilib chiqilayotganini aytgan. Unga ko‘ra har bir bekatga kiraverishda va uning ichidagi pogonli shaxslarning turishi jamoat tartibiga rioya qilishda ijobiy rol o‘ynamoqda.

"Hattoki pogonli odamning turishi va videokameralarning mavjudligi profilaktik ma‘noga ega, jamoat tartibiga amal qilishda ijobiy rol o‘ynamoqda. Bu tartibni buzishga moyil odamlar uchun o‘zini tutib turish omili hisoblanadi. Hamda fuqarolarga ularning xavfsizligi muhofaza ostida degan ishonch beradi", - degan metropoliten qo‘riqlash bataloni qo‘mondoni Ruslan Irnazarov.

Irnazarov janoblari xavfsizlik uchun qancha mablag‘ sarflanayotgani va uni ta‘minlashda qancha xodim ishtirok etayotgani borasida ma‘lumot bermagan.

Kuzatuvchilar yo‘lovchilardan tushayotgan mablag‘ metroni yuritish harajatlarini qoplamasligini aytishadi. Metrodan reklamalarning ham olib tashlanganligi uning iqtisodiga jiddiy zarar bergan.

De Facto market agentligining 2008 yilda keltirgan ma‘lumotlariga ko‘ra bir yilda Toshkent metrosiga 1 million 800 ming AQSh dollarilik reklama berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, Toshkent metrosida yo‘lovchi tashish 2013 yilning 8 oyida o‘tgan yilga nisbatan 8,3 foizga tushib ketgan.

Qo‘mita yo‘lovchilarning kamayganiga nima sabab bo‘lgani borasida biror ma‘lumot bermagan.

Kuzatuvchilar Toshkent metrosidagi xavfsizlik choralarining haddan ziyod kuchaytirilgani yo‘lovchilarning bezib qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

"Olmazor"dan "Buyuk Ipak yo‘li" bekatiga ketishim kerak edi. Ammo qo‘limda sumkalarim bo‘lgani bois qimmat bo‘lsada 15 ming so‘mga taksida ketdim. Chunki ich kiyimlarim va shaxsiy buyumlarim joylangan sumkamni begonalar tomonidan titilishini istamadim", - deydi yo‘lovchilardan biri.

Toshkent metrosi kuniga 180-200 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Your contact details
Disclaimer