Pokistonda Haqqoniy tarmog‘i yetakchilaridan biri o‘ldirildi

Nasriddin Haqqoniy Image copyright
Image caption Nasriddin Haqqoniy tarmoqning moliyaviy ishlariga mas‘ul ko‘rilgan

Pokistonda "Haqqoniy" tarmog‘ining yuqori martabali a‘zosi o‘ldirilgan.

Tolibonga aloqador ko‘riladigan guruhning moliyaviy ishlari bo‘yicha mas‘uli Nasriddin Haqqoniy poytaxt Islomobodda noma‘lum qurollilar tarafidan otib ketilgan.

Uning nomi Amerikaning "global terrorchilar" ro‘yxatida tirkalgan edi.

Jaloliddin Haqqoniy tarafidan asos solingan ushbu tarmoq Afg‘onistondagi Tolibon guruhining eng xatarli qanoti hisoblanadi.

Haqqoniy tarmog‘i Afg‘oniston hukumati va NATOga qarshi qator hujumlarni ustalik bilan amalga oshirgan. Shu bilan birga tarmoq jangarilari odam o‘g‘irlash amallari va qotilliklarda ham mas‘ul ko‘riladi.

Nasriddin Haqqoniy Mironshohda dafn etiladi

Shimoliy Vaziristondan sobiqda "Haqqoniy" tarmog‘i tarkibida bo‘lgan jangari "Doktor Nasir shahid bo‘lgani"ni tasdiqlagan.

U hodisa tafsilotlarini berarkan, mototsiklda kelgan qurolli shaxslar masjiddan qaytayotgan Nasriddin Haqqoniyni nishonga olishganini aytgan.

"Uning jasadi kechroq dafn etish uchun Mironshohga jo‘natildi", deydi "Haqqoniy" tarmog‘i sobiq a‘zosi.

Nasriddin Haqqoniy kim bo‘lgan?

Nasriddin Haqqoniy tarmoq asoschisi asli afg‘onistonlik Jaloliddin Haqqoniyning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgan.

Bundan oldin uning boshqa uch o‘g‘li ham o‘ldirilgandi.

Nasriddin Haqqoniy Paktika viloyatining Neka tumanida tug‘ilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi unga qarshi jazo choralari joriy etgan: bank hisoblari muzlatilgan, bordi-keldisiga cheklovlar o‘rnatilgan va unga qurol-yarog‘ sotish taqiqlangandi.

Jazo choralariga oid hujjatda ko‘rsatilishicha, Nasriddin Haqqoniy Tolibon uchun pul yig‘ish uchun Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga safar qilgan.

So‘nggi paytlar u Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasidan turib faoliyat qilgan.

Jaloliddin Haqqoniy esa...

1980 yillar Afg‘onistonga Sho‘rolar ishg‘oli payti mujohidlar safida jang qilgan.

U o‘sha paytlar Markaziy Josuslik Byurosi, Pokiston va Saudiya Arabistoni tarafidan dastak olib turgani haqida ham gapiriladi.

1942 yilda tug‘ilgan Jaloliddin Haqqoniy 1996 yil Tolibon hukumati tarkibida faoliyat qilgan.

U "Al-Qoida" tarmog‘i bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

2001 yil AQSh yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar ortidan Tolibon tuzumi ag‘darilarkan, u isyonkorlar safiga qo‘shilgandi.