Ichki ishlar vazirligi ilk bor siyosiy tutqun Murod Jo‘rayev ahvoli haqida so‘z ochdi

Image copyright b

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ilk bor qariyb 20 yildan buyon qamoqda saqlanayotgan Murod Jo‘rayev ahvoli haqida xabar tarqatgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" markazi tarqatgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Vazirlikka ko‘ra, 61 yoshdagi mahkum og‘ir mehnatga majbur qilinmayapti.

Biroq rafiqasi Xolbika Jo‘rayevaning BBCga aytishicha, Murod Jo‘rayevni hamon Chirchiq shahridagi qamoqxonada g‘isht ko‘tarishga majburlamoqdalar.

"Avval ikki qo‘llab g‘isht ko‘tarardim. Endi kuchim yetmayapti", deb aytgan rafiqasiga keksa tutqun.

Xolbika Jo‘rayevaning aytishicha, Chirchiqdagi qamoqxona sharoiti eng yomon qamoqxonadir.

"Men shuncha yil davomida O‘zbekistondagi ko‘p qamoqxonani ko‘rdim. Lekin bu eng yomoni", deb aytdi.

Misol sifatida u mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashishning keskin cheklanganini tilga oldi.

26 avgustda uchrashish uchun bordim. Lekin "Mustaqillik bayrami munosabati bilan" deb meni uchrashtirishmadi. Qaytguncha esa oyog‘imni qayirib oldim. Shuning uchun sentyabr oyida bora olmadim. 3 oktyabrda borganimda esa "Sizga uchrashuv belgilanmagan", deb aytishdi, deydi Murod Jo‘rayevning ayoli.

"Kiyimini almashtirguncha qo‘rqib ketib tashqariga chiqib turdim. Skelet bo‘lib qolgan. Qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qolgan. Birorta ham tishi qolmagan", deydi erining salomatligi haqida Xolbika Jo‘rayeva.

Qashqadaryo viloyatidagi Muborak shahri rahbari lavozimida ishlagan Murod Jo‘rayev O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kommunistik partiyaning shahar bo‘limini tarqatib yuborgan.

U O‘zbekiston parlamenti a‘zosi bo‘lgan.

Murod Jo‘rayev muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi faollaridan bo‘lgan.

U 1994 yilda Olma-Ota shahrida qo‘lga olingan.

U o‘zining haddan ziyod shafqatsizlik bilan Qozog‘istondan O‘zbekistonga g‘ayriixtiyoriy olib kelingani haqida so‘zlab bergan.

1995 yilda Murod Jo‘rayev va yana bir necha "Erk" partiyasi faollari ustidan bo‘lib o‘tgan mahkama ularni hokimiyatni noqonuniy bosib olishga urinishda ayblagan.

Unga 12 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Murod Jo‘rayevning qamoq muddati bir necha marta uzaytirilgan.

Uning o‘zining ayoliga aytishicha, qamoq muddati tugashiga 15 kun-1 oy qolganida jazoni ijro etish muassasasi xodimlari "yuqoridan buyruq keldi, yana srogingizni cho‘zmasak bo‘lmaydi", deyishar ekan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi