"Mazhablararo nizolar - xavfsizlik uchun eng ashaddiy tahdid"

Eron Tashqi ishlar vazirining aytishicha, shia va sunniy musulmonlar o‘rtasidagi nizolar dunyo xavfsizligiga eng jiddiy tahdiddir.

BBCga gapirgan Muhammad Javad Zarif ayrim sunniy mamlakatlarni "vahima qo‘zg‘ash"da ayblagan.

"Ayrim odamlar kaltabin siyosiy manfaatlar uchun ixtiloflar qo‘zg‘ashadi", deb aytgan u.

Suriya, Iroq va Pokiston mazhablararo zo‘ravonliklar bilan olovida yonayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi.

Zarif janoblarining ta‘kidlashicha, sunniy va shialar o‘rtasidagi nizolar "nafaqat mintaqa, balki butun dunyo xavfsizligiga eng jiddiy tahdiddir".

"Mening fikrimcha, Islom dunyosidagi mazhabiy bo‘linish barchamiz uchun xatar ekanini tushunib yetishimiz kerak", deydi u.

"O‘tga moy sepish"

"Sunniy va shia musulmonlar orasidagi mazhabiy ixtiloflar 1, 000 yildan ortiq vaqtdan beri hayot haqiqatidir", deydi BBCning Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha muharriri Jeremy Bowen.

Biroq, Yaqin Sharqdagi ushbu nizolar joriy asrda, ayniqsa, 2003 yil Iroqqa qarshi AQSh urush ortidan yanada kuchaydi.

2013 yilning bugunigacha Iroqda amalga oshirilgan mazhablararo zo‘ravonliklarda 6, 500 inson o‘ldirildi.

Bu kabi talofatlar ko‘lami 2008 yildan beri kuzatilmagandi.

"Suriyadagi urush mazhabiy kelishmovchiliklar tufayli boshlangani yo‘q, ammo shunga aylanib ketdi", deydi muxbirimiz.

Shia mazhabining Alaviy oqimidan bo‘lgan Prezident Bashar al-Assad Eron ittifoqchisi sanaladi.

Suriyaning sunniy ko‘pchiligi davlatga qarshi qo‘zg‘olonning old jabhasida va muxolifat sunniy qudratlar - Turkiya va Saudiya Arabistonidan dastak oladi.

Zarif janoblari ikki tomon ham Suriya mojarosiga oid qarashlar turlicha ekanini unutishlari va mazhabbozlikka qarshi turishlari kerak.

"Mening nazarimda barchamiz... Suriya borasidagi fikrlarimiz o‘xshash bo‘lmasa-da, mazhabbozlik muammosiga qarshi birga ishlashimiz kerak", deb aytgan Eron Tashqi ishlar vaziri.

Zarif janoblari aniq biron mamlakat nomini tilga olmagan esa-da, sunniy arab rahbarlarini mazhablararo zo‘ravonliklar "oloviga moy purkash"da aybladi.

Ammo, BBC muxbiriga ko‘ra, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar Eronni mazhablararo taranglikni keltirib chiqarishda ayblashadi.

"Har ikki tomon ham kechayotgan hodisalarning xatarini tan olishadi, lekin hech biri yechim halokatli muammo yechimi bilan chiqishmaydi", deya qo‘shimcha qiladi u.