Londonda Markaziy Osiyo adabiyot festivali bo‘lib o‘tdi

7-11 noyabr kunlari Londonning Yunus Emro markazi va Kembrij universitetida "Silk Road Media" nashriyot uyi va "Hertfordshire Press" bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo kitob forumi va adabiyot festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbir shu mavzudagi ikkinchi festival bo‘lib, dastlabkisi o‘tgan yili Bishkekda tashkil qilingan edi.

London festivali ingliz kitobxonlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari adabiyotini kengroq ochish, shuningdek nashriyot sohasi vakillari e‘tiborini ularning imkoniyatlariga qaratib, dunyo bozoriga chiqishiga ko‘maklashish maqsadlarini ko‘zlagan.

Markaziy Osiyodan Erkin A‘zam, Hamid Ismoilov, Kazat Ahmatov kabi yozuvchilar, shuningdek britaniyalik mualliflar o‘zlarining Markaziy Osiyoga bog‘liq asarlari bilan qatnashdilar.

Sovet Ittifoqi qulagach, mustaqil respublikalar uchun iqtisod birinchi o‘ringa chiqib, kitob o‘qish va nashriyot-matbaa masalasi nazardan tushganday bo‘ldi.

Markaziy Osiyo kitob forumi tashkilotchilari festivalga tashrif buyurganlar o‘zlariga notanish adabiyot va adiblarni kashf qilishiga, xorijiy kitobxonlar va nashriyotlarga munosabat yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid qiladi.

Kitob festivali 7 noyabr kuni Yunus Emro markazida ochilib, BBCda rejalashtirilgan davra stoli atrofida davom etdi.

Festivalning taqdirlash marosimi 9 noyabrda bo‘lib o‘tdi.

Markaziy Osiyo kitob forumi va adabiyot festivali "Orzu" teatrining spektakli tomoshasi bilan yakunlandi.