Filippin: "Jasadlarni ko‘madigan odam qolmagan"

Image copyright 1

Filippindagi Qizil Xoch tashkiloti rahbari Xayyan to‘foni yetkazgan vayronagarchiliklarni "mutlaq sarosimali" deb ta‘riflagan.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Takloban shahri va boshqa hududlarda 10, 000dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan.

Yuzlab odamlar boshpanasiz qolishgan.

BBC muxbirining xabar qilishicha, Takloban shahri yer bilan yakson bo‘lgan.

"Shaharning asosiy ko‘chasi bo‘ylab avtomobilda o‘tarkanman, biron bir bino tik qolmaganini ko‘raman", deydi muxbirimiz.

Odamlarning aytishlaricha, juma kuni to‘fon bilan kelgan suv devori shaharni g‘arq qilgan.

"Jasadlardan chiqayotgan qo‘lansa hid atrofni tutgan. Aeroportdan kelayotib, yo‘l bo‘yida jasadlar tizilib yotganini ko‘rdim. Uch kundan beri ularni ko‘madigan odam yo‘q", deya xabar qiladi BBC muxbiri Jon Donnison.

Omon qolganlarga zudlik bilan oziq-ovqat, toza ichimlik suvi va boshpana zarur. Xalqaro yordamlar yetib borayotgani, biroq o‘ta sust ekani aytiladi.

Ammo, yo‘llar va havo qo‘nolg‘alariga zarar yetgani qutqaruv sa‘y-harakatlariga xalaqit bermoqda.

Nihoyatda katta ziyon yetgan aeroport shifoxonaga aylantirilgan.

"Vayronlar orasida ikki yosh juvonning ko‘z yoriyotganiga guvoh bo‘ldik", deydi muxbirimiz.

Unga ko‘ra, bu faqat birgina shahar va viloyatdagi manzara. "To‘fon yetkazgan zararning to‘la ko‘lamini hech kim bilmaydi", deya xabar qiladi Jon Donnison.

To‘fon Vetnamning Xitoy bilan chegarasi yaqinidagi shimoliy hududlarida ham yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘lgan.