"Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasida yosh bolalar keksalarga do‘q urishadi"

Image caption Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari bundan oldin ham elchixona hech qachon yordam qo‘lini cho‘zmasligidan shikoyat qilishgan

Rossiyadagi "Yoshlar" jamoatchilik harakati raisi Maxsud Abdujabborov O‘zbekiston Prezidenti nomiga ochiq maktubga imzo to‘plash kampaniyasini boshlagan.

Maktubda "Yoshlar" harakati O‘zbekiston Prezidentini Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasining "qoniqarsiz faoliyati"ga e‘tibor qaratishga chaqirgan.

Maxsud Abdujabborov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi mehnat muhojirlarini himoya qilish o‘rniga ulardan mo‘may daromad undirish bilan band. Biz janob Abdujabborovdan maktubdan maqsad nima bo‘lgani haqida so‘radik:

Maxsud Abdujabborov: Gap shundaki, ikki oy muqaddam o‘zimning Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga ishim tushdi. Sankt-Peterburg shahridagi deprotatsiya izolyatorlarida 150-200 nafar O‘zbekiston fuqarolari ushlab turilibdi. Ular vatanlariga qaytishlari uchun hujjatlar bilan ta‘minlanishlari kerak. Ularning ba‘zilari bu izolyatorda bir yarim yildan buyon saqlanmoqda. Rossiya Federal Migratsiya Xizmati bu insonlar shaxsini aniqlashtirish uchun O‘zbekiston elchixonasiga davomli murojaatlar qilib kelayapti. O‘zbekiston elchixonasi esa, ularga deyarli javob qaytarmaydi.

BBC: O‘zbekiston elchixonasiga ishim tushdi, deyapsiz. Elchixonaning sizga munosabati qanday bo‘ldi?

Maxsud Abdujabborov: Mening shaxsan o‘zim Sankt-Peterburgdan Moskvaga ikki marta bordim. Ular menga har gal bir xil javob qaytarishdi: "Konsul yo‘q, iltimos, boshqa payt murojaat qiling". Sen Sankt-Peterburgdan shuncha yo‘l bosib kelganingi esa, ularni umuman qiziqtirmaydi.

BBC: Lekin, O‘zbekiston elchixonasidagi bu ahvol yangilik emas, bir necha yildan buyon davom etadi bu holat.

Maxsud Abdujabborov: Gap shundaki, bu deyarli uch-to‘rt yildan buyon davom etayapti. Lekin, eng esda qolgani, 2009 yildan 2010 yilga o‘tar payti yuz bergandi. O‘shanda Sankt-Peterburgdagi "Pulkovo" aeroportida soxta guvohnomalar bilan O‘zbekiston fuqarolari ushlangan edi. Ulardan ba‘zilari bu hujjatlarni O‘zbekiston elichixonasidan, ba‘zilari esa, o‘zbek diasporalaridan olganliklarini aytishgandi. Bu odamlar kimdir ularga soxta hujjat tayyorlagani uchun qamoqxonada yarim yil o‘tirishdi. O‘shanda ham elchixona aralashmagandi. Oxirgi ikki yilda esa, odamlar o‘z vatanlariga qayta olmay sarson. Chunki, ko‘plarining pasportlarini Rossiya Feredal Migratsiya Xizmati olib qo‘yadi-da, to jarimani to‘lamaganlaricha yoki vatanlariga bilet olmaganlaricha, qaytarib bermaydi.

BBC: Maxsud, nega O‘zbekiston elchixonasi bunday holatlarda yordamga oshiqmaydi? Bu elchixona xodimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi-emasmi?

Maxsud Abdujabborov: Men, shuning uchun, O‘zbekiston konstitutsiyasi garantiga maktub yozayapman. Ular nima uchun yordam bermasliklarini bizga aytishmasa, balki O‘zbekiston Prezidenti yoki Tashqi ishlar vaziriga izohlashar. Lekin, achinarlisi shuki, elchixona xodimlari o‘z farzandlarini elchixonaga ishga joylashtirib qo‘yganlar. Yaqinda elchixonaga borganimda, bu yosh yigitlarning qanday qilib O‘zbekiston fuqarolariga do‘q-po‘pisa qilishlariga guvoh bo‘ldim. Konsullik xodimlari bo‘lmagan 16-17 yoshli bolalar keksalar yoki yosh bolali ayollarni bemalol haqorat qilishayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

BBC: Siz ochiq maktub bilan Prezident Karimovga murojaat qilmoqchisiz. Lekin, ijobiy javob bo‘lishiga ishonasizmi?

Maxsud Abdujabborov: Albatta. Davlat rahbari sifatida unga mamlakati fuqarolari murojaat qilsalar, albatta, ishga aralashadi.

BBC: Lekin, Prezidentning o‘zi Moskva ko‘chalarini supurayotgan O‘zbekiston fuqarolarini "dangasalar" deb atagandi...

Maxsud Abdujabborov: Siz noto‘g‘ri talqin qilayapsiz. U 20 yildan buyon muhojirlik masalasida ajoyib gaplarni aytib keladi. Misol uchun, u Rossiya hududiga ishlashga borish har bir mamlakat fuqarosining huquqi, deb aytadi. Lekin, O‘zbekiston hududida ishlamay, Rossiyaga borib, jinoyat sodir etayotgan odamlar kategoriyasi bor, O‘zbekiston prezidenti ana o‘shalarni nazarda tutgan. Keyin, Moskva ko‘chalarini supurayotgan hamma o‘zbekda ham qonuniy hujjat yo‘q. Ana o‘shalarni Islom Karimov "dangasalar" deb atagan.