Saudiya Arabistonidagi to‘qnashuvlarda ikki inson nobud bo‘ldi

Image copyright n

Saudiya Arabistoni poytaxti ar-Riyodda xorijlik mehnat muhojirlari va politsiya o‘rtasida kechgan to‘qnashuvda ikki inson nobud bo‘lgan.

Politsiya bayonotida aytilishicha, Manfuhah mavze‘ida yuzlab odamlar hibs qilingan. Xorijlik ishchilar hukumatning mehnat muhojirlariga qarshi yangi tartib-qoidalarga norozilik bildirishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoyozuvlarda xavfsizlik kuchlari katta sondagi olamonni tarqatish uchun rezina tayoqlarni ishga solgani aks etgan.

O‘tgan hafta Saudiya Arabistoni hukumati noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi choralarini kuchaytirayotgani haqida e‘lon qilgandi.

Aytilishicha, Manfuhah tumanida mehnat muhojirlari saudiyalik shaxsga va boshqa xorijiylarga tosh va pichoqlar bilan hujum qilishi ortidan politsiya kuchlari ishga solingan.

Manfuhahda aksari Sharqiy Afrikadan kelganlar doxil ko‘plab muhojirlar istiqomat qilishadi.

Politsiyaning aytishicha, o‘ldirilgan ikki odamdan biri saudiyalik, ikkinchisining shaxsi aniqlanmagan.

70ga yaqin kishi tan jarohati olgan va 560ga yaqin odam hibs qilingan.

Guvohlarga ko‘ra, yakshanba kuni Milliy Qo‘riqchilar bo‘linmalari va maxsus kuchlar yetib kelgunga qadar mavze‘ni politsiya o‘rab turgan.

Voqea joyiga yaqin hududda yuzlab erkak, ayol va bolalar ko‘ch-ko‘ronlari bilan politsiya avtobuslariga chiqarilgan.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, ular deportatsiya qilinishdan oldin maxsus markazga olib borilgan.

Shuningdek, ba‘zilar Manfuhahdan taksilarda chiqib ketishgani aks etgan tasvirlar namoyish etilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb bir million nafar Bangladesh, Hindiston, Nepal, Pokiston va Yaman fuqarolari Saudiyani tark etishgan.

4 million kishi o‘tgan yakshanba berilgan muhlat tugashidan oldin Saudiya Arabistonida yashab, ishlash ruxsatini olishga muvaffaq bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni iqtisodi arab dunyosidagi eng yirigi hisoblanadi. Ammo, rasmiylar o‘z fuqarolari orasidagi 12 foiz ishsizlikni kamaytirishga urinishmoqda.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida jami 9 million muhojir ishchilar bor.