"9 yashar qizaloqni qanday qilib erga berasiz, to‘yni to‘xtating"

Image copyright BBC World Service

Hibaning nikoh to‘yi 8 noyabr kuniga belgilangandi. Ammo yamanlik inson huquqlari faollari qanday bo‘lib uning to‘yini to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

Bu - Yamanda Hiba tengi qizaloqlarning ilk bor majburan turmushga uzatilishlari emas.

Biroq faollar faqat shu juma kuni ilk bor ulardan biri - Hibani erta nikohdan asrab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.

Agar, mahalliy faollarning ma‘lumotlariga tayanilsa, Yamanda boshiga bu kabi ko‘rgulik tushayotgan qizaloqlarning soni oz emas.

Deylik, 11 yoshli Vafoni ota-onasi 40 yashar erkakka bergan.

Vafo o‘z eri tomonidan jinsiy zo‘rlangan va qiynoqqa solingan.

Faqat faollar aralashibgina, uni eridan ajratib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

11 yoshli Favziya esa, to‘ng‘ich bolasini dunyoga keltirish chog‘ida hayotdan ko‘z yumgan.

Majburan erga berilgan 12 yoshli Salva boshiga tushgan ko‘rguliklarga chidolmay, o‘zini tomdan tashlab, o‘ldirgan.

Rasman qayd etilmagan, ammo keng xabar berilgan boshqa bir hodisada esa, 8 yashar qizaloq ilk nikoh kechasidan so‘ng olgan ichki jarohatlari tufayli qazo qilgan.

Nimalar bo‘layapti?

Yamanlik qizloqlarning ayanchli taqdirlari xalqaro miqyosda ham jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ammo ko‘pchilik oilalarni qizchalarining taqdiridan ko‘ra ko‘proq kuyov tomonidan olajak qalinu, sarpo-surug‘lari qiziqtiradi.

Hibaning hodisasi ham bundan mustasno emas.

O‘z onasi o‘lgach, otasi boshqaga uylangan va o‘gay onasining qo‘lida qolgan.

Hibaning bo‘lajak to‘yidan Yaman Inson huquqlari vazirligi mahalliy faollari xabar topib qolishadi.

Ular politsiya boshqarmasiga xabar berishadi va politsiya masu‘llari Hibaning otasini to‘yni buzishga ko‘ndirishadi.

Vazirlik vakillari ilk bor bunday ishga muvaffaq bo‘lishganidan g‘ururlanishlarini aytishmoqda.

Qonun qayerda qoldi?

Yaman Inson Huquqlari vazirligidan bildirishlaricha, nikoh yoshini rasman belgilab beruvchi qonunni qabul qiling deb, turli darajadagi hukumat idoralariga murojaat qilaverib, eslari ketgan.

Vazirlik vakillariga ko‘ra, busiz qizaloqlarni majbur nikohlaru zo‘ravonliklardan asrab bo‘lmaydi.

Ayon bo‘lishicha, hozir ishlari biroz oldinga siljigan: Ya‘ni, mas‘ul idoralar tez orada bu kabi qonun loyihasini taqdim etishlari mumkin.

Ustiga ustak, bu borada mamlakatning yangi tahrirdagi konstitutsiyasiga ham xos bandlar kiritishga urinishlar bor.

Ammo Yamanda katta qudratga ega bo‘lgan ulamolar va qavm rahbarlarining hammasini bir pul qilish ehtimollari ham yo‘q emas.

Bu kabi vaziyatda esa, Hibaga o‘xshash qizaloqlarning hayotlari qil ustida qolaveradi.

Chunki qonunchilik amalda bo‘lmas ekan, ota-onasi biroz o‘tib, uni yana boshqa birovga bemalol berib yuborishi mumkin.