Tojikistonda kuchli yer silkinishi kuzatildi

10 noyabr yakshanba, mahalliy vaqt bilan ertalab 9da Tojikiston poytaxtida 5,2 ballik zilzila yuz bergan.

Zilzila markazi Dushanbedan 20 chaqirim janubi-sharqda, Yovondan 11 km uzoqlikda joylashgan, deb xabar beradi AQSh Geologiya xizmati.

Zilzilaning chuqurligi 17 kmni tashkil qilgan.

Ko‘p qavatli binolarda zilzila kuchli sezilgani xabar qilinadi. Qurbonlar va talofotlar haqida ma‘lumot yo‘q.

Tojikiston axborot vositalariga ko‘ra, 2014 yilda Ovroosiyo mamlakatlari orasida zilzila xavfi kuchli hududlar reytingida Tojikiston uchinchi o‘rinda.

"Aziya plyus" internet nashrining yozishicha, qozog‘istonlik Sergey Breshuk tomonidan tuzilgan xususiy loyihada kelgusi yilda sezilarli yer qimirlashlari kutiladigan 12 mamlakat bor.

"Nebesniy patrul" loyihasi muallifi 2014 yil Tojikistonning tog‘li va markaziy qismida ikki yer qimirlashi bo‘lish ehtimolini keltiradi.

Tojikiston Geologiya instituti bunday bashoratlar ilmiy asoslanmaganini va zilzilani o‘rganish bilan alohida shaxslar emas, ilmiy tadqiqot institutlari shug‘ullanishi lozimligi, jamoatchilikda vahima uyg‘otish kerakmasligini aytgan.

Yuqoridagi reytingga ko‘ra esa, Kaspiy dengizi atrofi va Qovqoz mamlakatlari xavfli hududlar qatorida turibdi.

Shimoliy Eron, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Xitoy Shinjoni va O‘zbekiston reytingdagi yuqori beshlikka kiritilgan.

Ma‘lumki, Tojikiston Markaziy Osiyoning seysmik faol hududlaridan biri hisoblanadi. Seysmologlarning bildirishicha, Tojikistonda kuchsiz yer silkinishlari deyarli har kuni sodir bo‘ladi.

Hisor-Oloy, Pomir, Suhrob vodiysi, Sarez ko‘li, Iskandarko‘l atroflari zilzila xavfi doim mavjud hududlardandir.