Malayziyada o‘zbekistonlik uch fuqaro o‘limga hukm etildi

Image copyright Reuters
Image caption Malayziya qonunchiligida noqonuniy narkotik traffigi uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan

2010 yil Malayziyaning Kuala Lumpur aeroportida katta miqdordagi giyohvand moddalar bilan ushlangan uch o‘zbek fuqarosi ustidan mahkama jarayoni nihoyasiga yetgan.

Malayziya mahkamasi o‘zbekistonliklarga qo‘yilgan ayblar to‘liq isbotini topganini aytib, mamlakat qonunlariga asosan ularni o‘limga hukm etgan.

Malayziya qonunchiligida noqonuniy narkotik traffigi uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan.

8 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan mahkamada 54 yoshli Dilbar Nazarova, 58 yoshli Sayyora Nurmuhammedova va 39 yoshli Jasur To‘raqulov o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olishmagan.

Sudlanuvchi ayollardan birining aytishicha, Toshkent aeroportida unga Shohruh ismli yigit yuk berib, Malayziyadagi tanishiga yetkazishni iltimos qilgan.

Shuningdek, sudlanuvchilar giyohvand moddalarni Malayziyaga olib kirish shu qadar og‘ir jinoyat ekanligidan xabarsiz bo‘lganlarini aytishgan.

Mahkama himoyachilar keltirgan dalillarni ularni oqlashga asos bo‘lolmasligini ta‘kidlab, o‘zbekistonlik uch fuqaroga o‘lim hukmi chiqargani xabar qilinmoqda.

Bundan oldin ham Malayziyada istiqomat qilib kelgan yana bir o‘zbekistonlik ayol giyohvand modda bilan qo‘lga tushgani va unga o‘lim hukmi berilishi aytilgandi.

O‘zbekistondan xorijga chiqish va mamlakatga kiruvchilar ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan Toshkent aeroportida 10 kgdan ortiq kuchli giyohvand moddalarning olib chiqib ketilishi qanday ro‘y bergani esa ayni paytda noaniq qolmoqda.

O‘zbekiston rasmiylari bu hodisaga izoh berishmagan.