Afg‘onistonda afyunning rekord hosili yetishtirilgan

BMT tayyorlagan yangi hisobotga ko‘ra, bu yil Afg‘onistonda 200 ming gektardan ortiq maydonga ekilgan ko‘knoridan rekord darajada yuqori hosil yetishtirilgan.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Giyohvand moddalar va jinotchilikka qarshi boshqarmasi hisobotida aytilishicha, bu yilgi afyun hosili 2012 yildagiga nisbatan 36 foiz ko‘pdir.

Afg‘onistonning eng ko‘p ko‘knori ekilgan viloyati Helmand bo‘lgan.

Bu viloyatga Britaniya qo‘shinlari joylashtirilgan va xorijiy askarlarni bu yerga yuborishdan ko‘zlangan maqsad ham ko‘knori yetishtirishni kamaytirish bo‘lgan edi.

BMT keyingi yilda giyohvand moddalarni yetishtirish Afg‘oniston hududida yanada ko‘payishini bashorat qilmoqda.

Chunki Afg‘onistondan xalqaro kuchlarni olib chiqish 2014 yilga mo‘ljallangan va xorijiy qo‘shinlarning chiqib ketishi ko‘knorifurushlarning "qo‘lini yanada bo‘shatadi", deb kutilmoqda.

BMT hisobotida aytilishicha, o‘tgan yili Afg‘onistondagi ko‘knorizorlarning yalpi maydoni 154 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil bu raqam 209 ming gektarga yetgan.

Bu esa giyohvand modda tayyorlashni 49 foizga oshirib, jami 5500 tonnani tashkil qilishi mumkin.

Hisobotda 5500 tonna butun jahonda giyohvand moddalarga bo‘lgan talabdan ham ko‘p ekanligi aytiladi.

Avvalgi yillari ko‘knori ekilmaydigan viloyatlar deb atalgan Faryob va Balx viloyatlarida ham bu yil bunday maydonlar paydo bo‘lgan.

Afg‘onistonda katta miqdordagi afyun yetishtirilishi jamiyat hayotiga ta‘sir qilmay iloji yo‘q. BBC muxbiriga ko‘ra, yoshlar orasida bangilar juda ko‘p.

Lekin giyohvand moddalarga qarshi tezkorlikda kurash olib borish ish berishi mushkul. Afg‘oniston rasmiylarining aytishicha, giyohvand moddalar savdosini boshqaradigan shaxslardan bir nechtasi ushlangan, lekin Afg‘onistonda siyosiy vaziyat yaxshilangan taqdirda ham ushbu muammoni hal qilishga kamida 10-15 yil ketishi mumkin.

BMT hisobotida muammoga har tomonlama e‘tibor qaratishga chaqiradi. Hukumatning ko‘knori yetishtirishga qarshi harakatlariga qaramasdan, 2010 yildan buyon ko‘knori maydonlari kengayib bormoqda.

Aholi ekin maydonlariga bug‘doy ekishdan ko‘ra, ko‘knori o‘stirishni afzal biladi.

Afyunning narxi dunyo bozorida oshib borar ekan, fermerlarni uni ekmaslikka majburlaydigan kuch yo‘q.

Afg‘onistonda odamlarning ko‘knoridan ko‘radigan foydasiga muqobil ekin turi bo‘lmas ekan, mamlakatda ko‘knori yetishtirishning oldini olish ilojsiz qolaveradi.

BMT hisobotiga ko‘ra, dunyodagi giyohvand moddalarning 90 foizi Afg‘onistonda yetishtiriladi va 90 tonnacha geroin Markaziy Osiyo respublikalari orqali olib o‘tiladi.

Oldingi yillarda Afg‘onistonda tayyorlangan va Markaziy Osiyo respublikalari orqali tarqaladigan bangivor moddalarning faqat 3 foizi ushlab qolingan xolos.

BMTga ko‘ra, Afg‘onistondan kelayotgan giyohvand moddalar mintaqadan to‘siqsiz o‘tib ketayotganiga sabab, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari narkobiznesga bevosita aloqador yoki pora berib o‘tib ketayotgan giyohvand moddalarga ko‘z yumishmoqda.