Tina Terner Amerika fuqaroligidan voz kechmoqchi

Image copyright AP
Image caption Tahlilchilarga ko‘ra, AQShning yangi soliq qonuni ko‘plab kishilarni Amerika fuqaroligidan voz kechishlariga sabab bo‘lgan

Mashhur xonanda Tina Terner oktyabr oyida AQShning Shveytsariyadagi elchixonasiga Amerika fuqaroligidan voz kechishi haqida ariza bergan.

Bu haqda Amerika va Shvetsariya axborot vositalari xabar tarqatgan.

"Washington Post" gazetining yozishicha, Tina Terner AQSh fuqaroligidan ixtiyoriy voz kechishi haqida deklaratsiyada Qo‘shma Shtatlar bilan o‘zini yaqin aloqalar bog‘lamasligi va kelajakda ham Amerikada yashash rejasi yo‘qligini bildirgan.

Amerikada fuqarolikdan ixtiyoriy voz kechgan kishi faqat o‘zida boshqa davlat pasporti borligini qayd etsa, fuqarolikdan rasmiy tarzda voz kechish moliyaviy chiqimlarni ham ko‘zda tutadi.

Tina Ternerning Amerika fuqarosi emasligi unga musiqiy disklarining mamlakat tashqarisida qayta chiqarilishidan to‘lanadigan soliqlarni ham sezilarli darajada kamaytiradi.

73 yoshli qo‘shiqchi Tenessi shtatida tug‘ilgan, lekin yigirma yildan buyon eri - olmon prodyusseri Ervin Bax bilan Shvetsariyada istiqomat qiladi.

O‘tgan yil aprel oyida Tina Terner Shvetsariya fuqaroligini ham olgan.

Tina Terner- asli ismi Anna Bullok, sakkiz marta nufuzli "Gremmi", shuningdek MTV Music Awards, World Music Awardsning ko‘pgina mukofotlariga loyiq ko‘rilgan. Qo‘shiqchi ijodiy faoliyati davomida 100 million nusxada musiqiy albomlar chiqargan.

2013 yil Amerikaliklarning fuqarolikdan voz kechishlari rekord darajani tashkil qilgani aytildi. O‘tgan yilda 189 shunday holat yuz bergan bo‘lsa, joriy yilda 1131 kishi Amerika pasportini qaytarib berishga qaror qilgan.

Bu qisman yangi soliq qonuni bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pgina badavlat amerikaliklar, xususan mashhur san‘atkorlar Amerika fuqaroligidan voz kechishlariga sabab bo‘lgan.

Xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan banklar, hisobida 50 ming dollardan ortiq mablag‘i bor Amerika fuqarolari haqida AQSh soliq xizmatiga hisob berishlari kerak.

Boshqa mamlakatlardan farqli ravishda Amerika fuqarolari qayerda yashashlaridan qat‘iy nazar AQShga soliq to‘lashga majburdirlar.

Bundan oldin frantsiyalik mashhur aktyor Janob Depardьe ham o‘z vatanidagi yuqori soliqlar tufayli Rossiya fuqaroligini olgan edi.