"O‘zbek-Qozoq chegarasida noinsoniy sharoit yuzaga keltirilgan"

"Fergana.ru" axborot agentligi xabar qilishicha, 9 noyabr kuni O‘zbek-Qozoq chegarasidagi "G‘ishtko‘prik" nuqtasida uzoq vaqt navbatda turgan 40 yoshlardagi ayol to‘satdan vafot etgan.

Guvohlarga ko‘ra, to‘ladan kelgan ayol ahvoli yomonlashib borayotganiga qaramasdan, chegaradan o‘tib olish uchun sabr qilib turavergan va birdan yiqilgan.

O‘zbek-Qozoq chegarasida noinsoniy sharoit yuzaga keltirilgani haqida ko‘plab maqolalar e‘lon qilingan.

BBC "Fergana ru" muharriri Daniil Kislovdan ayol o‘limi haqidagi xabar manba‘si ishonchlimi, deb so‘radi.

Daniil Kislov: O‘zbekiston sharoitida bunday hodisalar haqida ko‘pchilik juda kamdan-kam hollarda boxabar bo‘lib qoladilar. Bunday narsa haqida o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, guvoh bo‘lgan ishonchli kishi xabar berganidan keyingina bilish mumkin. O‘sha kuni "Fergana.ru" bilan hamkorlik qiladigan jurnalistlardan biri ham O‘zbek-Qozoq chegarasidan o‘tayotgan bo‘lgan. O‘sha paytda u o‘sha yerda bo‘lgan va buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Shuning uchun ham bu ayolning ismi-sharifini biz aniqlay olmaganimizga qaramasdan, uning chegaradan o‘tish payti o‘lib qolgani haqidagi xabarni e‘lon etishga qaror qildik.

BBC: Bu hodisa qachon va qanday ro‘y bergan?

Daniil Kislov: Bu o‘tgan shanba kuni - 9 noyabr kuni, tushga yaqin ro‘y bergan. O‘sha payt muxbirimiz ham chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan bo‘lgan. Uning xabar qilishicha, ayolning jasadi tushdan keyin ham ancha vaqt o‘sha yerda turgan. Boisi, qandaydir ekspertlarning kelib tekshirishlarini kutishgan.

BBC: Muxbiringiz bu hodisani qanday tasvirlaydi?

Daniil Kislov: Umuman olganda biz O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida navbatlar qanchalar katta bo‘lishi, chegaradan tezroq o‘tib olmoqchi bo‘lgan odamlar orasida izdihomlar yuzaga kelishi, bu qanchalar og‘ir jarayon haqida ko‘p marotaba maqolalar e‘lon qilganmiz. Chunki O‘zbek chegarachilari va bojgirlari O‘zbekistondan chiqib ketayotgan odamlarning ham, Qozog‘iston hududidan O‘zbekistonga kirayotgan ham har bir odamning har bir buyumini bittalab tekshirishadi, bu tekshiruv uzoq vaqtga cho‘ziladi. Shuning uchun ham chegarada doim navbatlar. Ba‘zan bu navbat kam bo‘ladi, ba‘zan esa cho‘zilib ketadi. Muxbirimizning hikoya qilishicha, shaxsi noma‘lum ayol bu navbatda bir soat, balki bir necha soat tik turishiga to‘g‘ri kelgan. Balki uzoq vaqt navbatda turganidan uning salomatligi yomonlashgan. Biroq u bu haqda hech kimga xabar bermasdan navbatda turavergan. Muxbirimiz bu ayolning yuzidan uning sog‘ligi yomonlashayotgani ko‘rinib turganini aytadi. Shu joyda yo yurak xuruji tutgan, yo boshqa xastaligi kuchaygan. U og‘ir-og‘ir nafas ola boshlagan. Keyin navbatda turgan kishilar ayolning hushidan ketib yiqilganini ko‘rganlar. Chegara punktining shifokorlarini chaqirishgan, kelgan shifokorlar uning hayotdan ko‘z yumganini e‘lon qilganlar.

BBC: "G‘ishtko‘prik" chegara nuqtasidagi o‘lim haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb O‘zbek rasmiylari rad etishsa-chi?

Daniil Kislov: Men bizning xabarimiz haqida biror inkor bilan chiqishadi, deb o‘ylamayman. Men bu xabarni umuman hech narsa bo‘lmaganday o‘tkazib yuborishga harakat qiladilar, deb o‘ylayman. Chunki biz yaxshi bilamizki, O‘zbekistonda yuz bergan har qanday favqulodda hodisa haqida rasmiylar xabar tarqatmaslikni afzal bilishadi. Bu oddiy yonilg‘i quyish shaxobchasidagi portlash bo‘ladimi yoki insonlar o‘limimi, O‘zbek rasmiylari jamoatchilikdan bunday xabarlarni yashirishni afzal ko‘rishadi. Biz bu xabarni tarqatish bilan chegaradagi navbat bir ayolni o‘ldirdi, demoqchi bo‘lganimiz yo‘q. Bu ayol avvaldan bemor bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa tomondan bemor inson buncha uzoq navbat bor joyga kelib turmaydi. Biz chegarada insonlar uchun qanchalar og‘ir vaziyat yuzaga keltirilganiga e‘tibor qaratmoqchimiz. Biz bilamizki, O‘zbek-Qozoq chegarasida hatto Qozog‘iston yoki Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olgan baquvvat, yosh yigitlarning ham jazirama quyosh tagida bir nechat turishlari oqibatida ahvollari yomonlashib qolgan holatlar yuz bergan.