"O‘zbekiston uchun juda muhim voqealar bo‘lmoqda"

Image copyright Getty

Forin polisi (Foreign policy) jurnali O‘zbekistonda prezident to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova atrofida nimalar bo‘layotganini anglashga harakat qilingan maqola chop etgan.

"Karimovlar bilan birga davom etish" deb nomlangan maqola mualliflari Xalqaro Inqiroz guruhi vakili sifatida Gulnora Karimova bilan bahsga kirishgan Endryu Shtrolayn va Human Rights Watch xodimi Stiv Sverdlov.

O‘zbekiston uchun juda muhim voqealar bo‘lmoqda, deyishadi mualliflar.

"Gulnoraning dunyosi hozir alg‘ov-dalg‘ov deyish mumkin. Prokuratura uning hamkorlaridan birini hibsga oldi. Hukumat boshqa bir yaqin hamkorining yo‘qolib qolgani borasida qidiruvni boshlagan, ma‘lumotlarga ko‘ra u Karimovani aldagan bo‘lishi mumkin. Gulnoraning aytishicha, uning qo‘riqchilaridan bir nechtasi kaltaklangan. Hukumat shuningdek uning bir qancha hisob raqamlarini muzlatgan. Xabarlarga ko‘ra, uning mamlakatdan chiqishi ham taqiqlangan. Va nihoyat uning uchta xayriya tashkilotlari ustidan rasman tekshira boshlangan.

Karimovaga qarshi misli ko‘rilmagan bosimlarning orqasida taxmin qilinishicha, uning bu sharafsiz unvoni uchun unga qarshi chiqayotgan kimdir turipti: Balki bu boshqa raqiblar bilan birlashgan Rustam Inoyatovdir.

O‘zbekistonda nima bo‘layotgani haqida uch farazlar mavjud. Birinchidan, 75 yoshli Karimovning sog‘ligi, unga avvalgidek mamlakatning yuqori bo‘g‘inlaridagi raqobatlashadigan guruhlarni boshqarishga izn bermay qolgan. Uning ahvoli haqidagi mish-mishlar ilgari ham tarqalgan, lekin tasdiqlanmagan edi.

Ikkinchi taxmin shuki, Karimov nihoyat qizi Gulnoraning xorijda nimalar qilib yurganidan xabar topgan va g‘azabga mingan. Balki u qizining Ovro‘podagi moliyaviy janjallaridan xabardor bo‘lgan. Balki u mamlakatga kiritilmaydigan huquq faollari va jurnalistlar bilan twitterdagi muloqotini bilgandir. Balki Karimov qizining "eb to‘ymas"ligidan darg‘azab bo‘lgandir. Balki Gulnoraning yoganing turli ko‘rinishlarida va ochiq-sochiq kiyimlarda tushgan suratlari elchilik maqomiga to‘g‘ri kelmasligini tushungandir.

Uchin faraz shuki, bu murakkab chalkashliklar ota va qizning o‘zlariga sodiqlarni aniqlab olish uchun kerak bo‘lishi mumkin. Usmon Xaqnazarov nomi ostida Prezident oilasi to‘g‘risida shov-shovli maqolalar muallifining ta‘kidlashicha, Gulnora bilan bog‘liq voqealarning barchasi hiyla bo‘lib, uning xorij banklarida yig‘ilgan noqonuniy pullarini yana mamlakat xazinasiga qaytarishni ko‘zlaydi. Bu juda murakkab ko‘rinadi. Lekin ba‘zilar Karimovning mamlakatdagi har bir ishning orqasida turganiga ishonish qiyin deydi.

Voqealarning oxirgi sababi kamroq muhimdir. Hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi bu qadar ochiqdan- ochiq bo‘linish har qanday avtoritar davlatda bo‘lgani kabi o‘zgacha fikrlashga toqat qilolmaydigan O‘zbekistonda, ayniqsa yuqoriga eng yaqin doira orasida ilgari kuzatilmagan. Bu juda o‘zgacha. Va siz voqealarni O‘zbekistonda turib kuzatayotgan bo‘lsangiz, bu juda katta voqeadir.

Albatta bu voqealar mamlakatdagi aksariyat kishilarning hayotini o‘zgartirishi qiyin. O‘nlab tinch muxoliflar, inson huquqlari faollari va jurnalistlar o‘zlarining tinch fuqarolik faolligi tufayli qamoqlarda azob chekmoqda. Minglab musulmonlar va ko‘pgina nasroniylar ham diniy e‘tiqodlari tufayli siyosiy ayblovlar bilan qamalgan. Erkin namoyishlar, yig‘ilishlar o‘tkazish yo‘q. 2005 yil hukumat kuchlari Andijonda yuzlab tinch namoyishlarni otib tashlagan edi".