Olimjon To‘xtaoxunov ("Tayvanchik") unga qarshi AQShda ochilgan jinoiy ishdan bexabar

Image copyright RIA Novosti
Image caption Men qo‘limga birorta ham qog‘ozni olganim yo‘q. Mening o‘zim meni nimada ayblashayotganini ham bilmayman, deydi Olimjon To‘xtaxunov

AQShda sirtdan pul yuvish va noqonuniy qimorxona tashkil qilishda ayblanayotgan Olimjon To‘xtaoxunovning BBCga aytishicha, jinoyat ishi borasida o‘ziga AQSh huquq-tartibot idoralaridan hech kim murojaat qilmagan.

Amerika huquq-tartibot organlari mamlakat hududi va xalqaro miqyosda faoliyat yuritganini aytayotgan uyushgan jinoiy guruh tashkil qilish ayblovini 34 kishiga nisbatan ilgari surgan.

Shu kunlarda bu shaxslardan 3 nafari o‘zlariga qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lgan.

Ushbu iqrorliklarga siz qanday munosabat bildirasiz, degan savolni BBC Tayvanchik nomi bilan tanilgan Olimjon To‘xtaoxunovga berdi.

Olimjon To‘xtaoxunov: Qanaqa jarayon ketayotganidan mening umuman xabarim yo‘q. Bu holat haqida men umuman hech narsa bilmayman. U yerda kim borligini ham bilmayman. Nima uchun? Mening orqamdan qandaydir ishlar qilishayapti. Mening o‘zimning esa birorta ham ishdan xabarim yo‘q. Men gap nima haqida ketayotganini ham bilmayman. Agar kimnidir nimadir qiziqtirayotgan bo‘lishsa, mening oldimga kelishsin, men har qanaqa savolga javob beraman. Mendan hech kim biror narsani so‘ragani yo‘q. Hech kim hech narsada ayblagani yo‘q. Qandaydir ro‘znomalarda, Internetda mening nomimga ayblovlar bildirilayotganini bilib qolaman. Go‘yo men qandaydir ishlarga aralashib qolgan emishman. Menga qarshi qandaydir arablar ko‘rsatma bergan emish. Men esa bunday odamlar haqida eshitmaganman, umrimda ko‘rmaganman. Umuman bilmayman. O‘zi bu nima degan gap? Nima uchun amerikaliklar bunaqa narsalarni o‘ylab chiqarishadi? Agar ularga nimadir qiziq bo‘lsa, kelib o‘zlari mendan so‘rashsin. Nega ular meni sirtdan hukm qilishadi, 150 yillik-200 yillik qamoq jazosi tayinlashadi? Nega bunday, tushunmayman.

BBC: Bugungi kungacha Qo‘shma Shtatlari huquqni muhofaza qilish organlari sizning o‘zingizga murojaat qilishganmi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Shu kungacha hech kim mendan hech narsani so‘ragani yo‘q. Men qo‘limga birorta ham qog‘ozni olganim yo‘q. Faqat birorta qarindoshim gazetada maqolani o‘qib qolib menga "sen haqingda yozishipti", "sen haqingda gapirishayapti", deb qoladi. Mening o‘zim meni nimada ayblashayotganini ham bilmayman. Mendan nimani xohlashayapti, tushunmayman.

BBC: Sizga qarshi ko‘rsatma bergan Xillel Naxmad ekani xabar qilinmoqda...

Olimjon To‘xtaoxunov: Bilmayman. Bilishni ham xohlamayman. Buni bilish menga nimaga kerak? Men o‘zimning mamlakatimda yashayapman. Men Rossiya Federatsiyasida yashayapman. Men Rossiya Federatsiyasining qonunlarini buzayotganim yo‘q. Men Rossiyadan tashqariga chiqmaganimga 10 yil bo‘ldi. Qayerdadir, kimdir nimanidir sodir qilib qo‘ygan bo‘lsa, mening bunga qanday daxlim bor? Men Rossiyada yashaymanu, meni Amerikada qandaydir tashkilotmi-jamiyat tashkil qilishda ayblashayotgani g‘alati.

"Tayvanchik-Trincher" tashkiloti

AQSh huquq-tartibot organlari 2013 yilning aprelida 34 kishiga qarshi jinoyat ishi ochgan.

Bu shaxslarning aksari sobiq Sho‘ro respublikalari fuqarolaridir.

Jinoyat ishiga ko‘ra, "xalqaro uyushgan jinoiy guruh Nyu-York, Kiyev va Moskva shahrida joylashgan va AQSh... shuningdek xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan".

Bu ishga "Tayvanchik-Trincher" tashkiloti deb nom berilgan.

Bu guruh a‘zolariga pul yuvish va noqonuniy qimor biznesini tashkil qilish ayblovi ilgari surilgan.

Ayblovga ko‘ra, "Tayvanchik" nomi bilan tanilgan asli O‘zbekistonda tug‘ilgan, hozir Rossiyada yashaydigan Olimjon To‘xtaoxunov "Tayvanchik-Trincher" tashkilotining rahbarlaridan biridir.

Uning bu jinoiy guruhga noqonuniy pullarni o‘zlashtirish va noqonuniy qimorxonalar tashkil qilishda ko‘maklashgani va guruhni himoya qilgani aytiladi.

Ayblovchining "Tayvanchik"ka ilgari surilgan aybloviga ko‘ra, u "kuch qo‘llash va moddiy zarar yetkazish po‘pisalari" bilan noqonuniy qimor tashkilotlarining mijozlari o‘rtasidagi bahslarni hal qilib bergan va 2011 yil dekabridan 2012 yil yanvarigacha "Tayvanchik-Trincher" guruhidan 10 million dollar pul olgan.

Noyabr oyining o‘rtasiga kelib ayblov ilgari surilgan 34 kishidan 14 tasi noqonuniy amallarga qo‘l urganlarini tan olganlari xabar qilinmoqda.

12 noyabr kuni asli livanlik 35 yoshli Xillel Naxmad o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror bo‘lgan.

14 noyabr kuni esa jinoiy guruh rahbarlaridan biri deb aytilayotgan 52 yoshli Vadim Trincher va uning 27 yoshli o‘g‘li Yevgeniy mahkama qarshisida hozir bo‘lganlar va ota-bola ham pul yuvish va noqonuniy qimorxonalar tashkil qilish maqsadidagi jinoiy guruhni tuzish ayblovini bo‘yniga olgan.

Xabar qilinishicha, ayblov ilgari surilgan shaxslarning aybi isbotlanadigan bo‘lsa, uzoq yillik qamoq jazolari mo‘ljallangan.

Aybga iqror bo‘lish evaziga ularning qamoq muddatlari 10-20 oyni tashkil etishi mumkinligi xabar qilinmoqda.

Ayblov xulosasida Tayvanchik sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidan kam hollarda chetga chiqadi, deyiladi.

2002 yilda AQShning Nyu-York mahkamasi Olimjon To‘xtaoxunovni Solt Leyk-Siti Olimpiadasida figurali uchish musobaqalari hakamlarini sotib olishda ayblab jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

U 2003 yilda Italiyada qo‘lga olingan.

Biroq Italiya oliy mahkamasi AQShning ekstraditsiya so‘rovini rad etib, Olimjon To‘xtaoxunovni ozodlikka chiqargan.