Qozog‘iston: Bozori yongan tujjorlar norozilik namoyishiga chiqdi

Yong‘in tutuni shahar markazidan ko‘rinib turgan Image copyright news.nur.kz
Image caption Yong‘in tutuni shahar markazidan ko‘rinib turgan

Olma ota shahrida yakshanba tongida yonib ketgan bozor savdogarlari namoyishga chiqqan va yo‘lni to‘sib qo‘yishga harakat qilgan. Ular shahar hokimi bilan uchrashuv o‘tkazishni talab qildi. Biroq voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlarni tujjorlarni yo‘l chetiga chiqarib qo‘ydi.

Olma ota shahar hokimining o‘rinbosari Yuriy Ilьin moli kuyganlarni vahima qilmaslikka chaqirgan. Jabrlanuvchilarga "qizil chiziq"dan narigi tomonda savdo joyi taklif qilinishini bildirgan. Bundan tashqari tujjorlar hokimiyatga bankdan olgan kredit muddatini cho‘zdirish bo‘yicha murojaat qilishlari mumkinligi aytilgan.

17 noyabr kuni tonggi soat 6:00 da Olma ota shahri chetidagi Baraxolka nomli bozorlar majmuasining 3 bozorida yong‘in kelib chiqqan. Oma ota shahar favqulotda holatlar departamenti yong‘in maydoni 3 ming 800 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgani va shahardagi eng yirik yong‘inlar toifasiga kirganini ta‘kidlagan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra yong‘in natijasida halok bo‘lganlar yo‘q. Bir kishi jarohatlangan.

Yong‘inni o‘chirishda 300 dan ortiq xodim va 41 ta texnika ishtirok etgan. Ikkita tik uchar kechgacha 76 marotaba osmondan 3 tonnalik idishda suv sepgan. Yong‘in markazi soat 11:08 kelib jilovlangan. Oradan 18 soat o‘tib o‘t butkul so‘ndirilgan.

Yong‘in kelib chiqishi ortidan u yerga yetib kelgan politsiya atrofni o‘rab olgan. Mahalliy jurnalistlar olgan videoda tujjorlarning bozor ichiga kiritilmayotganini ko‘rish mumkin.

Yong‘in natijasida jinoiy ish ochilgan. Shuningdek bozorning mas‘ul shaxslariga nisbatan ham jinoiy ish ochilgani ma‘lum qilingan.

Olma ota shahar politsiyasi yong‘in davomida 6 kishini qo‘lga olganini bildirgan. Ular bozordagi tartibsizlikdan foydalanib talonchilik qilishda ayblanmoqda. Shulardan ikkitasi bozorda mardikorchilik qilgan O‘zbekiston fuqarolari ekanligi aytilmoqda.

Qo‘lga olinlarga nisbatan "Begonining molini o‘g‘irlash" bandi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Bozorlardagi yong‘indan kim manfaatdor?

Baraxolkadagi hodisa kuz mavsumi ichida ro‘y bergan ikkinchi yirik yong‘indir. Sentyabr oyida ro‘y bergan yong‘inda ham 3 bozorni o‘t olgan va tujjorlarning topgan tutgani yonib ketgan edi.

Yong‘indan jabr ko‘rganlar o‘sha vaqti ham yo‘lni to‘sib qo‘yishga va hokimiyatdan tovon puli undirishga harakat qilgan. Biroq Olma ota shahar hokimiyati bozor noqonuniy faoliyat yuritganini ta‘kidlagan.

Baraxolka hududida savdo qiluvchi tujjorlar tez tez norozilik namoyishi o‘tkazib turadi.

Shahar hokimiyatining rejasi bo‘yicha 2014 yilning yanvar oyidan boshlab bu yerdagi 4 bozor yo‘q qilinishi kerak. Hokimiyat ularni belgilangan "qizil chiziq"dan beriga bozor qurishda ayblamoqda va ushbu hududdan katta yo‘l tushishi kerakligi bois tujjorlarni bozorni tark etishga chaqirmoqda.

Tujjorlar esa hokimiyatdan boshqa joy topib moslashib olish uchun 2 yil muddat so‘ragan. Taklif qilingan 10 ming dollarlik yangi savdo nuqtalarining juda qimmatligini bildirishgan. Biroq hokimiyat savdogarlarning ushbu talablariga quloq solmagan.

Kuzatuvchilar bozor hududida qisqa vaqtning ichida kelib chiqqan yong‘inlar tujjorlarni bu yerdan haydash uchun maqsadli ravishda sodir etilganini taxmin qilishadi.

Hukumatning oxirgi qaroriga ko‘ra, Olma Otadagi 75 bozordan 35tasi yo‘q qilinishi kerak. Ularning o‘rniga savdo ko‘ngilochar majmualarini qurish ko‘zda tutilgan. Qolgan 40tasi esa qayta ta‘mirlanishi lozim.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Olma Ota bozorlarida 25 ming tujjor ishlaydi. Ammo, norasmiy hisoblarga ko‘ra, bu son ancha kattaroq.

Your contact details
Disclaimer