Toshkentda xorijiy butiklar to‘satdan yopilishidan yoshlar norozi

Toshkentda bir qator xorijiy brendlar do‘konlarining to‘satdan yopilishi ijtimoiy muloqot saytlarida ko‘plarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

14 noyabrda Mango, United Colors of Benetton, Levis, Adventure, Geox, S.Oliver, Antony Morato, New millennium do‘konlari birin-ketin yopilgan va ulardagi mollar militsiya va fuqarolik kiyimidagi shaxslar tomonidan olib chiqilgan.

Ba‘zi xabar agentliklari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bu yopilishlar Gulnora Karimovaga tegishli shirkatlarga o‘tkazilayotgan bosimning bir qismi deya talqin qilishmoqda.

Biroq bu do‘konlarning Karimova xonimga bog‘liqligi borasida rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Xorijiy brendlar kiyimlari sotilgan mazkur do‘konlar yoshlar orasida ommabop bo‘lgan. Ularda bot-bot o‘tkazilgan skidkalar xaridorlarga arzon narxlarda G‘arbona ustboshlarni sotib olishga imkon yaratgan.

"Yo‘lovchilar qiziq manzaraning guvohi bo‘lishdi - do‘konlar atrofidagi hudud o‘rab olindi va do‘kon oldiga o‘rnatilgan yuk mashinalariga militsiya va fuqarolik kiyimidagi odamlar mahsulotlarni yuklashdi", - deb yozdi Novыy vek web sahifasi.

Gulnora Karimova bu hodisalarga o‘z Twitter sahifasida ayni kuni munosabat bildirib, " ParfumeGalleryni ham yopishdi deyishayapti...", deb yozdi.

@Beckoff ismli followerining: "Nimadir o‘zi ochilayaptimi?" degan savoliga, Karimova xonim: "Endi yo‘q!)" deya javob qaytardi.

Karimovaning @Venera_Musaeva ismli followeriga ko‘ra, "ULAR bizni o‘tgan asrga qaytarishmoqda! Bu kanallar va do‘konlar madaniyatli hayot sari qo‘ygan qadamlarimiz edi!"

Karimova xonim bunga javob berar ekan, endi ular bilan hayrlashish vaqti kelgani va yopilgan shirkatlar ishchilari mamlakatni tark etishsa yaxshiroq bo‘lishini yozdi.

Facebookda ko‘plab toshkentlik yoshlar xorijiy butiklarning yopilayotganidan hafa ekanliklarini yozishgan.

Mazkur tijoriy shirkatlarning Gulnora Karimovaga qanday aloqasi borligi noma‘lum. Biroq ularning yopilishi Karimova xonimga tegishli telekanallar, tashkilotlar va shirkatlarga qarshi soliq inspektsiyasi va Milliy Xavfsizlik Xizmati tekshiruvlari manzarasida yuz bermoqda.

O‘zbekistonliklar 21 oktyabrda to‘rtta telekanal to‘satdan hech narsa namoyish qilmay qo‘yganidan hayratga tushgandilar. Uchta telekanal Gulnora Karimova egalik qilgan kanallar deya xabar qilingan.

Oktyabr oxirida Karimova raislik qiladigan "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" jamg‘armasida keng ko‘lamli tekshiruv boshlangan.

Your contact details
Disclaimer