Gulnora Karimova onasini haqiqatni yashirayotganlikda aybladi

Image caption Gulnora Karimova o‘z twitlarida oila a‘zolarini "fosh etish"da davom etmoqda

Gulnora Karimova onasini prezidentga barcha gaplarni oshkor qilmasligini yozdi.

"O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov "ahmoqgarchiliklardan, yelkasi osha nimalar sodir bo‘layotganidan xabarsiz", deydi Gulnora Karimova 15 noyabrda Twitterda.

Uning twitiga ergashgan "@ otabekny" "Siz otangiz bilan gaplashasizmi?", deb so‘raganida, Gulnora "Hozirgi paytda yo‘q..., va u o‘zining orqasida nimalar sodir etilayotganidan bexabar...", deb javob qaytardi.

"Maks @ Maksimilyan_S" nikli foydalanuvchining "Uning yaqin odamlari ko‘p narsani undan o‘zlarining manfaatlaridan kelib chiqib yashirishadi deb o‘ylayman. Nega siz bu haqda unga gapirmaysiz...?" degan savoliga esa, Gulnora Karimova "Ularning eng kattasi, "o‘z qiziqishlari uchun harakat qiladigan" bu mening onam..." deb aytadi.

Oldinroq u onasini jodugarlik amallarini bajarishda ayblagan, shu bilan birga singlisi ham bu ish bilan shug‘ullanishini "fosh qilgan" edi.

"Bekchik @ box00004 " degan followeri Gulnora Karimovadan otasi bilan yarashishni maslahat beradi. "Nima uchun otangiz bilan yarashmaysiz? Nima uchun undan kechirishini so‘ramaysiz? Hayotingiz daqiqa ichida o‘z iziga tushgan bo‘lardi!" - degan so‘zlariga javoban Gulnora otasi bilan hech qachon urushmaganini aytgan.

Foydalanuvchilardan biri taniqli qo‘shiqchi Yulduz Usmonovaning prezident Islom Karimovga bag‘ishlangan qo‘shig‘idan parcha keltiradi. Lavhada prezident oilasining arxiv suratlari ham ko‘rinadi. "qo‘shiq yaxshi, lekin klip professional emas", deydi klipga izoh bergan Gulnora Karimova.

Shuningdek, "Devid @ MAX davron2003 " nomi ostidagi foydalanuvchi Gulnoraga uning oxirgi muammolari bo‘yicha yordam taklif qiladi. "Siz bilan alohida gaplashib olish mumkinmi. Muammolaringizni yechishda bir nechta reja berishim mumkin...", degan maslahatiga Gulnora Karimova "Yo‘q menda hech qanday muammo. Muammo aslida chuqurroq... siz hammaga yordam bermoqchimisiz" deb javob qaytargan.

Navbatdagi twitlarida Gulnora Karimova o‘zini zaharlashga urinishganini aytadi. Bunga ishonmayotganlar uchun isbot sifatida kimning nomiga, qachon va qayerdan berilgani noma‘lum tashhis qog‘ozdan bir parchani e‘lon qiladi.

"Zaharlashga harakat qilishdi... bir necha oydan buyon davolanyapman", - deb yozadi u.