Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Doris Lessing vafot etdi

Image copyright AFP
Image caption Doris Lessing Nobel mukofoti bilan taqdirlangan eng keksa adiba bo‘lgan

Britaniyalik yozuvchi Doris Lessing 94 yoshida Londondagi uyida vafot etgan.

Lessing xonim o‘limi haqida uning noshiri Xarper Kollins xabar qilgan.

"U bugun tonggi soatlarda Londondagi uyida osoyishta ko‘z yumdi", deyiladi noshir bayonotida.

Doris Lessing Nobel mukofoti bilan 2007 yilda taqdirlangan edi.

U adabiyotga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlangan eng keksa adib bo‘lgan.

Yuksak mukofotga sazovor topilgan yili Lessing xonim 88 yoshda bo‘lgan.

Nobel qo‘mitasi Doris Lessingning 60 yillik ijodi uchun taqdirlashga qaror qilganini e‘lon qilgan.

Lessing xonimning "Oltin kundalik", "Omon qolgan kishining kundaliklari" va "Namozshomdan oldingi yoz" asarlari jahon kitobxonlariga yaxshi tanilgan.

Doris Lessing 1919 yilda Eronda tug‘ilgan.

Olti yoshida oilasi Afrikaning o‘sha paytda Rodeziya deb atalgan mamlakatiga ko‘chib o‘tadi.

Lessing xonim hozirgi nomi Zimbabve bo‘lgan Rodeziyadan Angliyaga 1949 yilda keladi.

Oradan bir yil o‘tganidan so‘ng Doris Lessingning "Maysa kuylamoqda" romani chop etiladi.

1962 yilda eng mashhur bo‘lgan "Oltin kundalik" romani e‘lon qilingan.

Ushbu asaridan so‘ng ko‘pchilik Lessingni ayollarning teng huquqliligi uchun kurashuvchi feminist ijodkor sifatida qabul qildi.

Biroq Lessing xonimning o‘zi ushbu da‘volarni rad etgan.

Yozuvchi asarlarining aksari tarjimai hol mazmunidagi asarlar bo‘lib, ularda Afrikadagi ijtimoiy va siyosiy kurashlar, ruhiy iztiroblar, madaniyatlar to‘qnashuvi haqida, kolonizatorlar va qora tanlilar o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida hikoya qilinadi.

Doris Lessing asarlari adabiyot bo‘yicha Buker mukofotiga 1971, 1981, va 1985 yillarda ilgari surilgan, biroq g‘olib bo‘lmagan.

Nobelь mukofotiga ham Doris Lessing nomzodi bundan oldin uch marta ilgari surilgan.

2007 yili 11 oktyabr kuni Shvetsiya Fanlar akademiyasidan o‘zlarining Nobel mukofoti borasidagi qarori haqida ma‘lum qilish uchun Lessing xonimning uyiga qo‘ng‘iroq qilib, uni topisholmagan.

Telefonda Nobel mukofoti sovrindorining bozor-o‘charga chiqib ketganini aytishgan.