Uzmetronom sayti DDOS-hujumi ortidan yopiqligicha qolmoqda

14 noyabr kuni DDOS-hujumiga uchragani xabar qilingan O‘zbekiston yangiliklarini yorituvchi to‘rtta saytdan bittasi-Uzmetronom. com hanuz yopiqligicha qolmoqda.

Uzmetronom Bosh muharriri Sergey Yejkovning BBCga aytishicha, saytni qayta tiklash ishlari qiyin kechmoqda va uning qachon qaytadan ishga tushishini aytish hozircha qiyin.

Janob Yejkovga ko‘ra, serveri Olmoniyada joylashgan websayt unchalik yaxshi himoyalanmagan.

"Arzon serverdan foydalanamiz va himoyasi ham tabiiyki, shunga yarasha", - deb aytdi jurnalist.

Sergey Yejkov O‘zbekistonda taqiqlangan saytga hujum borasida o‘z farazlari borligi, ammo bu haqda gapirishni lozim topmasligini aytdi.

14 noyabr kungi hujumda Uzmetronom bilan birga O‘zbekiston yangiliklarini yorituvchi yana uchta websahifa - Tsentraziya.ru, Fergananyus.kom hamda Ozodlik radiosi O‘zbek xizmatining sahifalari nishonga olingani xabar qilingan.

Avvalgi uchta nashr tez orada qayta tiklangan.

Uzmetronom O‘zbekiston ichkarisidagi mustaqil axborot tarqatuvchi kam sonli axborot resurslaridan biri sifatida ko‘riladi.

Ammo o‘zbek muxolifati vakillari uni O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqinlikda ayblaydilar.

Sergey Yejkovning o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.

Shu yil iyulida O‘zbekiston Harbiy Prokuraturasi saytni ogohlantirishi ortidan Uzmetronom vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ammo ko‘p o‘tmay qayta ish boshlagan.

Rasmiy ogohlantirishga nashrning o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi hodisa yuzasidan tarqatgan xabari sabab bo‘lgan.