Karimov mehnat muhojirlariga e‘tibor qaratish lozimligini tushunib yetdimi?

Image copyright AFP Getty

O‘zbekistonga safar qilgan Rossiya Federatsiya kengashi raisasi Valentina Matviyenkoning aytishicha, prezident bilan muloqot vaqtida Islom Karimov Rossiyadagi muhojirlarga kvotalar kiritish bilan noqonuniy muhojirlar muammosini hal qilish mumkinligini taklif qilgan.

O‘zbekiston rahbar doirlari uzoq vaqt xorijdagi muhojirlar muammosi haqida umuman gapirmaslikni afzal bilab kelgandilar.

Shu yil yoz oylarida esa janob Karimov, mehnat muhojirlarini "dangasalar" sifatida ko‘rishini aytib, o‘ta salbiy munosabat bildirgandi.

Endilikda uning ushbu muammoni Rossiya rasmiysi bilan muhokama qilishi, oxir oqibat bu voqelikning mavjudligini tan olib, e‘tibor qaratish kerakligini tushunib yetganligini aglatadimi?

BBC huquq faoli Shuhrat G‘aniyevdan shu haqdagi fikrlarini so‘radi.

Shuhrat G‘aniyev: Ochig‘ini aytganda bizning fuqarolarimizning Rossiyada ish topish ilinjida yurganlari mehnat muhojirlari, deb atalayotgan bo‘lsa ham amalda ularning aksari biron qonunuiy mavqega ega bo‘lmagan, na O‘zbekiston va na Rossiya qonunchiligiga muvofiq qayddan o‘tkazilmagan shaxslardir. Boshqa so‘z bilan aytsak, mutlqo himoyasiz odamlardir. Men bir necha yildan beri shug‘ullanib kelayotgan ushbu muammo, fikrimcha hozirga kelib alohida o‘tkir tus oldi. Biryulevoda bo‘lib o‘tgan, hozirda Rossiyaning boshqa hudularida bo‘lib o‘tayotgan hodisalardan hammamiz yaxshi xabardormiz. Bizning fuqarolarmizga qarshi millatchilik, maishiy kamsituvchi hissiyotlarning avj olganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bundan tashqari biz "200 nchi yuk" deya nom olgan fuqarolarimizning o‘lik holda qaytishlarining oshishini ham kuzatmoqdamiz. Ularni himoya qilishning esa bironta ham qonunuiy asosdagi usuli yo‘q. Shuning uchun davlat rahbarining oshkora bo‘lmasa ham, matbuotda keng yoritilmagan bir usulda, Rossiya rasmiysi bilan bu muammoni tilga olgani mutaxassis sifatida meni quvontiradi. Kech bo‘lsa ham bu muammoga e‘tibor qaratila boshlagani millionlab vatandoshlarimizda va nihoyat ularni himoya qila boshlashlariga umid uyg‘otadi.

BBC: Lekin nima uchun davlat rahbari bu muammo vujudga kelganidan so‘ng yillar o‘tib endi bu muammoni tilga olmoqda? Nima uchun bu shu qadar uzoq vaqt oldi?

Shuhrat G‘aniyev: Davlat rahbaritida qaysi masalalarga imtiyoz berilishini, bu kabi sust munosabat izhor etilishini bilish men uchun mushkul. Albutta muammoning o‘ta o‘tkir tus olgani bu masalani yechish uchun bizning hukumat va mamlakatimizga uni yechish uchun harakat qilish kerakligini uqtirmoqda. Agarda bu muammoni biz hozirda hal qilmasak ertaga u yanada o‘tkirroq, chuqurroq va va mamlakatimiz hududiga yoyilgan muammoga aylanadi. Lekin bu muammoga e‘tibor qaratish uchun nima uchun shu qadar uzoq vaqt ketdi, bilmayman. Siz haqsiz bunga 10 yillarcha avval e‘tibor berish kerak edi. Fikrimcha, fuqarolarimiz xorijda ishlashayotganligi haqida ochiq gapirishdan soxta uyalish hissi mavjud menimcha. Bundan uyalish kerak emas, hozirda butun jahon mehnat muhojirligi asosida yashamoqda. Odamlar qayerda ko‘proq ish bo‘lsa, qayerda ko‘proq ish haqi to‘lansa o‘sha yerlarga ketmoqdalar. Bundan uyalish kerak emas, buni yashirishga urinish va bu borada sukut saqlashdan uyalish kerak.

BBC: Lekin kvotalar Rossiyaning qator shaharlarida bir necha yildan beri bor edi. Hozirda taklif qilinayotgan usul muammoni yechishda ne qadar samarali yo‘l bo‘lishi mumkin?

Shuhrat G‘aniyev: Mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, bir tomonlama kvota kiritish muammoni hal qilmaydi, aksincha uni chuqurlashtiradi. Kvota jarayonida mehnat muhojirlarini yuborayotgan va ularni qabul qilib olayotgan tomon barobar qatnashishlari kerak. Shuning uchun bu jarayonni yo‘lga qo‘yishdan avval O‘zbekistondagi ahvolni har taraflama o‘rganib chiqish kerak. Bu yerda ish bilan ta‘minlash muammosi hal qilinmas ekan, Rossiya tomoni har qancha kvota kiritgani bilan muhojirlar oqimi pasaymaydi. Aksincha ularning ko‘prog‘i noqonuniy mavqega tushib qoladi xolos. Bundan tashqari bu kvota bilan shug‘ullanayotgan roosiyalik mulozimlar orasida korruptsiya quloch yoyadi. O‘zbekiston ish bilan ta‘minlash va ish joylarni yaratish sohasida haqqoniy siyosatni yo‘lga qo‘yishi kerak, ya‘ni 1 million ish joyini yaratish kabi shiorlar va kampaniyalar asosiga qurilgan emas, amaliy vaziyatdan kelib chiqqan holda yuritiladigan siyosatni ishlab chiqishi kerak. Ana shu kabi haqqoniy vaziyatni aniqlaganimizdan keyin biz Rossiya tomoni bilan muzokaralarda qonuniy asosda qancha ishchini yuborishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritishimiz mumkin bo‘ladi. Lekin bu jarayon yuqoridagi qarorlar bilangina cheklanib qolmasligi kerak. Bu muammoning ajralmas qismi bo‘lgan Fuqaro jamiyatining o‘zi, bu sohani yaxshi biluvchi mutaxassislar va faollar ishtirokida va ularning fikrlariga quloq tutilgan holda yo‘lga qo‘yilishi kerak. Tepada belgilanuvchi kvotalar va eski ma‘muriy buyruqbozlik usuli bilan muammo yechilmaydi.