Zomin tuman hokimi hibsga olingan

Image caption Zomin tuman hokimining nima sababdan ishdan hibsga olingani hozircha aytilmayapti

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Jizzax viloyati prokuraturasi sanktsiyasi bilan Zomin tumani hokimi Uskan Azimov 10 noyabr kuni hibsga olingan.

Uskan Azimovning nima sababdan vazifasidan olinib, qamalgani tafsilotlari hozircha noma‘lum.

Azimov sakkiz yil davomida avval Zarbdor tumanida, so‘ngra Zomin tumanida xokimlik vazifasini bajargan.

Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, Uskan Azimovning Zomin tuman IIB boshlig‘i Erkin Husanov bilan kelishmovchiligi bois tuman hokimligi binosida janjal kelib chiqqan.

Boshqa taxminlarda aytilishicha, Zomin tuman prokurori Soliyev va IIB bo‘limi boshlig‘i Erkin Husanovlarning davlat bilan shartnoma tuzmasdan paxta maydoniga sholi ekishi, hokimning vazifasidan ketishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, Qizil Yarim Oy jamiyati raisi Karimov tomonidan Zomin tuman aholiciga ajratilgan insonparvarlik yordamlari talon-taroj qilingani ham tuman hokimining e‘tiboridan chetda qolgani, uning vazifasidan olinishiga ta‘sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Hozircha bu haqda rasmiy ma‘lumot berilmagan.

Zomin tuman hokimi ayni paytda Jizzax shahridagi vaqtincha ushlab turish izolyatorida saqlanayotganligi aytiladi.