O‘zbekistonda bioyonilg‘i ishlab chiqarish vaqti keldimi?

Mutaxassislar bioyonilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurish qimmatga tushmasligini aytishadi Image copyright other
Image caption Mutaxassislar bioyonilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurish qimmatga tushmasligini aytishadi

O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi kuzatilayotgan bir mahalda, neft mahsulotlariga muqobil variantlarni rivojlantirish vaqti kelgani aytiladi. Olimlar bioyonilg‘i O‘zbekistondagi yonilg‘i taqchilligini bartaraf etishi bilan iqtisodiy rivojlanishga turtki berishi mumkinligini ta‘kidlashmoqda.

Yonilg‘i taqchilligi O‘zbekiston yildan yilga kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa bu yil benzinga bo‘lgan navbat yirik shaharlardan tortib, kichik tuman markazlarigacha kuzatilgan.

Mutaxassislar yonilg‘i taqchilligining asosiy sababini O‘zbekiston neft qazib olish yildan yilga tushayotgani bilan izohlashadi va ushbu muammo yanada kuchayishi mumkinligini taxmin qilishadi.

Olimlar yonilg‘i muammosini butkul va uzoq muddatga hal etish uchun neftga muqobil bo‘lgan variantlarni rivojlantirish kerakligini urg‘ulashadi.

Bu borada O‘zbekistonda bir muncha ishlar yo‘lga qo‘yila boshlagan. Avtomobillar nisbatan arzon bo‘lgan metan va propan gazga o‘tmoqda.

Bundan tashqari O‘zbekiston yaqin muddatning ichida Buxoroda yiliga 500 ming tonna metanol ishlab chiqaruvchi gaz-kimyoviy zavod qurishni rejalashtirgan.

Tabiiy gazdan kimyoviy usulda olingan yonilg‘i benzinga muqobil sifatida ishlatilishi mumkin.

Olimlar dunyoda tugab borayotgan neft va gazning o‘rniga muqobil bo‘lgan bioyonilg‘ini O‘zbekistonda ham targ‘ib qilish lozimligini aytishadi.

Iqtisodchi Anvar Husainov O‘zbekistonda muqobil energiya ishlab chiqarishni zudlik bilan yo‘lga qo‘yish kerakligini urg‘ulaydi.

"Ekiladigan paxta maydonlarini qisqartirish hisobiga, serquyosh yurtimizda tez o‘sadigan ekinlar ekish kerak. Braziliyadek katta iqtisodiyotga ega davlat o‘zining neft mahsulotlariga bo‘lgan yarim ehtiyojini tez o‘sadigan ekinlardan olinadigan yonilg‘i bilan ta‘minlaydi", - deydi Anvar Husainov.

Ushbu texnologiyani o‘rganish uchun Braziliyaga borib kelgan iqtisodchi Husainovning ta‘kidlashicha, tez o‘suvchi ushbu ekin turkumi quyoshli yerlarda o‘sadi, yuksak hosil beradi va maxsus qayta ishlash zavodida undan mazut, dizel va benzin ishlab chiqarishdagi asosiy qo‘shimcha etanol olinadi.

"O‘zbekiston 300-400 ming gektar sug‘oriladigan yerlarni paxtadan ozod qilishi va uning o‘rniga issiqlik energiyasi va neft mahsulotlari beradigan ekinlarga o‘tish kerak. Undan fermerlarimiz ham yutadi. Paxtaga ketadigan suv tejaladi, chunki bu o‘simliklarga juda katta suv talab qilinmaydi".

Mutaxassisga ko‘ra agar paxtaning har bir gektaridan o‘rtacha 300 dollar daromad qilinsa, yonilg‘i ekinlaridan gektariga o‘rtacha 3 ming dollar foyda ko‘rish mumkin.

"Bu fermerlarimiz va qishloq xo‘jaligi uchun najot yo‘li. Agar biz dizel va mazut yonilg‘isini katta miqdorda yetishtiradigan bo‘lsak, o‘zimizning o‘sib boradigan ichki ehtiyojlarimizni ham qoplashimiz mumkin. Undan tashqari neft mahsulotlarini mintaqada eksport qiluvchi yirik davlatga aylanishimiz mumkin", - deydi Anvar Husainov.

Mutaxassisga ko‘ra, ushbu ekinlarni O‘zbekistonda yetishtirish va yonilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu narsaga hukumat tomonidan biroz e‘tibor qaratilsa kifoya.

Yonilg‘idan tashqari ushbu ekinlarning ko‘k qismidan mollarga ozuqa, qog‘oz va qurilish uchun kerakli mahsulotlarni olish mumkin. Natijada chorvachilik sohasida ham rivojlanish kuzatiladi.

Bioyonilg‘i olish texnalogiyasida Braziliya va AQSh yetakchilik qilmoqda. Ovro‘pa va Xitoyda ushbu soha rivojiga keng e‘tibor qaratilmoqda. Ushbu mamlakatlarda 2009 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra yiliga 575 zavodda 80 million tonna etanol va 460 zavodda 68 million tonna dizel ishlab chiqarilgan.

Suv yetishmaydigan O‘zbekistonda bioyonilg‘i samarasizmi?

Bioyonilg‘i tanqidchilari yonilg‘i uchun ishlatiladigan don mahsulotlari dunyoda oziq ovqat narxining qimmatlashib ketishiga sabab bo‘lganini aytishadi.

Biroq O‘zbekiston sharoitida iste‘mol qilinmaydigan paxtaning o‘rniga yonilg‘i olinadigan ekinlar ekilishi oziq ovqat xavfsizligiga dahl qilmasligiga ishoniladi.

O‘zbekistondan biofizik olim Bek Toshmuhammedov BBC muxlislarining savollariga javob berarkan, bioyonilg‘ini suv muammo bo‘lgan O‘zbekistonda ekish foydali bo‘lmasligi mumkinligini aytgan.

"Men ilgari ham aytganimdek, bizning mintaqamizda suv yetishmaydi. Shuning uchun ham bizning tuproqlarimizdan olinadigan hosil eng minimal - bioproduktivlik darajasi eng kam darajada. Bu hosildorlikni oziq-ovqat ishlab chiqarishga yo‘naltirgan afzal. Bioyonilg‘ining boshqa mintaqalar, boshqa mamlakatlarda istiqboli bor, deb o‘ylayman", - deydi Bek Toshmuhammedov.

Ushbu masalani Janubiy Amerikaga borib o‘rgangan iqtisodchi Anvar Husainov, bir gektar yerdan 300 tonnagacha yonilg‘i ishlab chiqarishda ishlatiluvchi o‘simlik olinishi mumkinligi aytadi. Unga ko‘ra, ushbu o‘simliklarga paxtaga beriladigan suvning 1/3 qismi yetarli.

MDH davlatlari ichida bioyonilg‘iga birinchi bo‘lib Qozog‘iston qiziqish bildirgan.

Bundan o‘n yil oldin Qozog‘istonning ulkan imkoniyatlari hisobga olinib bioyonilg‘i olish texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi.

2006 yilga kelib Shimoliy Qozog‘iston viloyatida umumiy qiymati 94 million dollar bo‘lgan etanol ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. Ushbu zavodning mahsulotlari Ovro‘pa ittifoqining qat‘iy talablariga javob berishi bilan birga barcha mahsulot chetga eksport qilinishi ko‘zda tutilgandi.

Chunki benzin ishlab chiqarishda ishlatiladigan mazkur etanol qozog‘istonlik haydovchilarga qimmatlik qilishi mumkin edi. Ishning yaxshi tashkil qilinmaganligi sabab ushbu loyiha Qozog‘iston boshqa olamshumol loyihalari kabi rivojlanmasdan o‘z yakuniga yetdi.

Yiliga 60 ming tonna etanol eksport qilishga mo‘ljallangan zavod atigi 4 ming tonna sotdi va qarzga botib ketdi.

Mutaxassilar biyonilg‘i yetishtirish va ishlab chiqarish O‘zbekistonda tashkil qilinsa bu kabi muvafaqqiyatsizliklar qaytalanmasligiga ishonishadi.

O‘zbekistondagi arzon ishchi kuchi va quyoshli kunlarning ko‘pligi bio yonilg‘i Braziliya singari foyda keltiruvchi sohaga aylanishi mumkin.

Iqtisodchi Anvar Husainov ushbu ekinni yo‘lga qo‘yish va zavodlarni ishga tushirish katta mablag‘ talab qilmasligini va bunga O‘zbekistondagi tadbirkorlar qodir ekanligini ta‘kidlaydi.

Avvaliga O‘zbekistonda mazut va dizel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Chunki ushbu yonilg‘ilarni olish etanolga nisbatan arzonga tushadi va ma‘lum mahsulotdan etanolga qaraganda ko‘proq dizel va mazut olish mumkin.

O‘z navbatida mazutdan energiya olishda ishlatilayotgan tabiiy gazning o‘rnida foydalaniladi. Ishlatilmagan gazdan esa, sintetik benzin, metanol, propan va siqilgan gaz kabi yonilg‘i ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.

Mutaxassis ushbu sohani rivojlantirish kerakligini va bunga davlat tomonidan yer ajratilishini so‘rab bir necha marotaba hukumatga murojaat qilgan.

Biroq shu vaqtgacha ushbu takliflari javobsiz qolgan. Iqtisodchi yonilg‘i bilan ta‘minlashda so‘nggi muammolar hukumatni ushbu masalani yana bir bor ko‘rib chiqishiga turtki bo‘lishiga ishonishini aytadi. Unga ko‘ra, muqobil yonilg‘ini ishlab chiqarish hozir yo‘lga qo‘yilmasa keyin kech bo‘lishi mumkin.