Oyatulloh Homanai Eron yadroviy "huquq"idan zarracha chekinmasligini aytdi

Image copyright AFP

Jenevada Eron o‘z yadroviy dasturi borasidagi muzokaralarni boshlar ekan, Eron Oliy rahbari mamlakati o‘z yadroviy huquqlaridan zarracha orqaga chekinmasligini aytgan.

Oyatulloh Ali Homanai muzokaralarga bevosita aralashmasligini aytdi, ammo Eron vakillari uchun "qizil chegaralar"ni chizib berganini bildirdi.

Prezident Barak Obama ayni damda AQSh senatorlarini Eronga qarshi yangi sanktsiyalarni qabul qilmaslikka va diplomatiyaga imkon berishga chaqirgan.

Chorshanba kuni Basij harbiylari qarshisida qilgan televizion chiqishida Oyatulloh Homanai Eron vakillari AQSh, Britaniya, Frantsiya, Xitoy, Rossiya va Olmoniya vakillari bilan uchrashish uchun Shveytsariyaga safar qilishlari oldidan qattiq topshiriq olganlarini bildirdi.

Avvalgi muzokaralarda tomonlar hech qanday kelishuvga erisha olmaganlar, chunki Eron uranni boyitish "huquq"i rasman tan olishini talab qilgan, Frantsiya esa Arakda yangi suv reaktori qurilayotganidan xavotir bildirgan.

"Biz o‘z huquqlarimizdan zarracha ortga chekinmasligimizni ta‘kidlaymiz", - dedi Oyatulloh Homanai.

Lekin, ayni damda u qo‘shimcha qildi: "Biz bu muzokaralarning tafsilotiga aralashmaymiz. Lekin, muayyan qizil chegaralar bor. Ularga bo‘ysunilishi kerak".

Avvalroq, Oq Uy vakili, agar kelishuvga erishilinmasa, Eron uranni boyitishni davom ettirishini aytgan.

Biroq, bu safar Eron Tashqi ishlar vaziri o‘zaro kelishmovchiliklar hal etilishiga ishonishini bildirgan.

YouTube saytida chop qilingan videomurojaatda Tashqi Ishlar Vaziri Javod Zarifning aytishicha: "Biz o‘zimizga hurmat bilan yondoshishlarini kutamiz va talab qilamiz. Biz, eronliklar, uchun yadroviy energetika qandaydir klubga qo‘shilish va kimgadir tahdid solishga bog‘liq emas. Biz uchun yadroviy energiya o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etishimizni anglatadi".

Seshanba kuni Prezident Obama Davlat kotibi Jon Kerri va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Syuzan Rays ishtirokida Oq Uyda senatorlar bilan ikki soatlik muzokaralar olib borgan.

Oxirgi kunlarda ba‘zi amerikalik qonun chiqaruvchilar Eron yadroviy dasturi borasidagi muzokaralarning tezkor surati borasida xavotir izhor qilib, Tehronga qarshi qattiqqo‘lroq mavqeni egallashga chaqirganlar.

Bunga javoban Oq Uy bayonot chiqarib, AQShda Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish imkoni tug‘ilganini aytgan.

Your contact details
Disclaimer