Qozonda halokatga uchragan uchoqning yozuv uskunasi topilmagan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Halokat sabablarini o‘rganayotgan Xalqaro aviatsiya qo‘mitasidan xabar qilishlaricha, yakshanba kuni Qozon aeroportida halokatga uchragan uchoq "qora quti"larida uchuvchilarning dispetcherlik markazlari bilan gaplashgani yozilgan yozuvlar topilmagan.

Boeing-737 "qora qutilari"da uchoqning texnik holatiga oid ma‘lumotlar saqlanib qolgan va bu ma‘lumotlarga ko‘ra, Boeing-737ning motori yerga urilgunicha ham ishlab turgan.

Uchoq yerga 450 kilometr tezlikda kelib urilgan.

Xalqaro Aviatsiya qo‘mitasi vakili Oleg Yermolovga ko‘ra, uchuvchilar muloqotini yozib oladigan uskuna zarb natijasida qutidan otilib ketgan bo‘lishi mumkin.

"Yozuv uskunasi halokat joyidan qidirilmoqda", deb aytgan Yermolov.

Tekshiruvlar ko‘rsatishicha, uchoqdagi ikki avtomatik tizimdan biri o‘chirilgan, ekipaj qo‘nishni mexanik yo‘l bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgan.

"Qo‘nish jarayonida ekipaj odatdagi harakatlarni bajarishga muvaffaq bo‘lmagan va ikkinchi urinishga qaytgan. Tezlik 225 kmgacha tushgach, uchoq tez pastlagan va natijada tezlik oshib ketgan", deyiladi Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi murojaatida.

Aviahalokat natijasida 50 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

"Tatariston" aviashirkati Bosh direktori Aksan Giniyatullin halok bo‘lgan ekipaj a‘zolari o‘z parvozlari davomida qo‘nish uchun ikkinchi doiraga qaytishmaganini aytdi.

"Uchoq komandiri 2,5 ming soat, ikkinchi uchuvchi 1,9 ming soat parvoz tajribasiga ega bo‘lgan", deb aytgan Giniyatullin.

Aviashirkat rasmiylari uchuvchilarning ikkinchi tur qo‘nishga tajribalari yetmaganligi haqidagi taxminlarni rad qilgan, bunday vaziyatlarning hammasi mashqlarda qattiq tayyorlanadi, deb aytgan u.

Aviashirkat direktori, shuningdek, yo‘lovchilar Boeing o‘rniga boshqa uchoqda uchishlari kerak bo‘lgani haqidagi xabarni tasdiqlagan. Uning so‘zlariga qaraganda, yo‘lovchilar ko‘pligi bois oxirgi daqiqalarda "Bombardier CRJ" uchog‘ini Boeingga almashtirishga to‘g‘ri kelgan. Uchishi kerak bo‘lgan "Bombardier CRJ" Sochiga 40 yo‘lovchini olib uchgan.

Uchoq halokatidan so‘ng "Tatariston" aviashirkati moliyaviy ahvoliga oid ba‘zi ma‘lumotlar o‘rtaga chiqqan. Rossiya ommaviy axborot vositalarida aytilishicha, aviashirkatning tashqi qarzi 2,8 milliard rubl bo‘lib, shu sababdan ham asosan eski uchoqlardan foydalanib kelgan va hamma narsada tejashga uringan.

Aviashirkat rahbari qarzdorlikni tan olsada, bu uchoq halokatiga sabab bo‘lmasligini, uchoqda texnik tekshiruv 15 noyabrda o‘tkazilganini aytgan.

Ayni paytda aviashirkat "Boing-737" uchog‘idan foydalanishni vaqtincha to‘xtatgan.

Moskva transport prokuraturasi "Domodedovo" qo‘nalg‘asida tekshiruvlar boshlagani xabar qilinadi.