Moskvadan 13 ming mehnat muhojiri chiqarib yuborilgan

Image copyright Reuters
Image caption Biyulovo hodisalaridan keyin Rossiyada muhojirlarga nisbatan munosabat yomonlashgan

Moskva shahar hokimi Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Moskva shahrida noqonuniy yashab kelgan 13 mingdan ortiq mehnat muhojiri vataniga qaytarilgan.

Shuningdek, 42 mingdan ziyod xorijlik Rossiya qonunlarini buzganligi uchun mamlakatga kiritilmagan. Bu o‘tgan yilgiga qaraganda ancha ko‘p, deb aytgan Moskva hokimi.

Janob Sobyanin Moskva mehnat muhojirlarisiz yasholmasligini, ularsiz shahar iqtisodiy ko‘rsatkichlari pasayib ketishi mumkinligini tan olgan. Lekin muhojirlar vaziyatini qattiq nazoratga olinishi lozimligini ta‘kidlagan u.

"To‘siqni qattiq qo‘yish kerak. Har bir keluvchining barmoq izlarini olish lozim, ularning fotosurati, hujjatlari bo‘lishi shart. Chegara xizmati aniq ish ko‘rsin: tashrif buyurgan mehmon qonunni buzdimi, keyingi safar soxta hujjat bilan qaytib kelishiga yo‘l qo‘yilmasin", - deb urg‘ulagan janob Sobyanin.

Rossiyada, xususan poytaxt Moskvada muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat Biryulovodagi voqealar va moskvalik 25 yoshli Yegor Sherbakovning o‘limi orqasidan keskin yomonlashdi.

Rus millatchilari muhojirlar turgan bozor va yotoqxonalarga bostirib kirib, tartibsizliklar uyushtirdilar.

Moskvalik fuqaroning o‘limiga "Pokrovskaya" bozorida ishlab kelgan ozarbayjonlik mehnat muhojiri O‘rxon Zeynalov gumonlanib qo‘lga olingan.

Lekin muhojirlar atrofidagi muammolar bu bilan kamaymagan.

Oktyabr oyining o‘zida kamida ikki o‘zbekistonlik muhojir pichoqlab ketilgani tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning muhojirlarga nisbatan qattiq tekshiruvni talab qilishi orqasidan huquq-tartibot idoralari bilan birga o‘zini ko‘ngilli drujinachilar deb ataganlarning ham muhojirlarga zo‘ravonliklari kuchaygani kuzatilgan.

19 noyabrda ham Moskvaning "Sadovod" bozorida 22 nafar mehnat muhojiri ushlangan, ularning hammasi Markaziy Osiyo fuqarolari ekani xabar qilinadi.

Muhojirlarga nisbatan Rossiya muhojirlik qonunlarini buzganligi va "tovar belgisi noqonuniy ishlatib kelingani to‘g‘risida hujjat imzolanib, mahkamaga topshirilgan".

"Sadovod" bozorida hammasi bo‘lib 728 kishi ushlanib, ularning hujjatlari tekshirilgan. Politsiyaga ko‘ra, ba‘zi sotuvchilarda sovuq qurollar va bir to‘pponcha ham topilgan.