Saudiya podshohligi noqonuniy muhojirlarga qarshi qattiq chora ko‘rmoqda

Image copyright AFP
Image caption Saudiya rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda to‘qqiz millionga yaqin muhojir bor

Saudiya Arabistoni rasmiylari ma‘lum qilish qilishicha, bir haftaning o‘zida 60 mingdan ortiq noqonuiy muhojirlar mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Saudiya Ichki Ishlar vaziri Muhammad bin Nayyefning muxbirlarga bildirishicha, hukumat noqonuniy muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli ish boshlagan va buning qachongacha davom etishi noma‘lumdir.

Oktyabr oyining oxirlarida minglab afg‘onistonlik muhojirlar o‘z ixtiyorlari bilan politsiyaga borgan edilar.

Bunga sabab yetti oylik amnistiya e‘lon qilingan, unga muvofiq noqonuniy muhojirlar o‘z maqomlarini qonuniylashtirishlari yoki ixtiyoriy tarzda mamlakatni tark etishlari mumkinligi edi.

Ushbu imkoniyatdan foydalangan to‘rt millionga yaqin kishiga ishlash uchun rasmiy ruxsatnoma berilgan.

Shu bilan birga Bangladesh, Filippin, Hindiston, Nepal, Pokiston, Yaman kabi o‘nlab mamlakatlarning millionga yaqin fuqarolari mamlakatni tark etishiga to‘g‘ri keldi.

Aholisi 27 million bo‘lgan Saudiya Arabistonida hisob-kitoblarga qaraganda, to‘qqiz millionga yaqin mehnat muhojiri bor.

Mehnat muhojirlari mahalliy aholini uncha jalb qilmaydigan og‘ir ishlarda, maishiy xizmat tizimi va eng kam ish haqi to‘lanadigan joylarda ishlashga ko‘nadilar.

Har yili yo‘l azobiga dosh berolmay yoki xavfsizlik qoidalariga amal qilmaslik natijasida o‘nlab o‘lim holatlari uchrashiga qaramay, mehnat muhojirlarining oqimi tinmaydi.

Saudiya Arabistoni muhojirlarning katta qismini mamlakatdan chiqarib yuborish bilan mahalliy aholi orasidagi ishsizlikni qisqartirish niyatida. 2013 yilda mamlakatdagi ishsizlik 12,5 foizni tashkil qilgan.