O‘zbek va britan tashqi ishlar vazirlari Londonda uchrashmoqda

Image copyright UN PhotoMarco Castro
Image caption Abdulaziz Komilovning safari chog‘ida asosiy masala Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilishi bo‘lishi kutiladi

O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vaziri Abdulaziz Komilov Londonga ikki kunlik safarini boshlamoqda. Britaniya Tashqi ishlar vazirligidagi manbaning BBCga aytishicha, u britan hamkasbi Villyam Heyg (William Hague) bilan uchrashadi.

Bu o‘zbek tashqi ishlar vazirining Britaniyaga oxirgi o‘n yildan oshiq davrdagi ilk rasmiy tashrifi bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining internet sahifasidagi ma‘lumotga ko‘ra, 20 va 22 noyabrlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan safar davomida Britaniya hukumat vazirliklari, agentliklar va parlament a‘zolari, shuningdek, biznes va jamoatchilik tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar va suhbatlar mo‘ljallangan.

BBC hozircha Britaniya Tashqi ishlar vazirligidan kun tartibida qanday masalalar borligi borasida ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Biz Londonda istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovdan Komilov janoblari safaridan qanday maqsad ko‘zlangan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radik.

Ilhomov: Men bu muzokaralarga tayyorgarlik ishlarida qatnashmaganman. Biroq, ishonch bilan kun tartibida uchta-to‘rtta masala bor deb aytish mumkin. Birinchisi, Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish masalasi va shu munosabat bilan "Shimoliy ta‘minot yo‘li" deb nom berilgan yo‘ldan foydalanish shartlarini kelishib olish. Xabarimiz bor, Pokiston bilan munosabatlar yomonlashganidan keyin AQSh bilan Britaniya Afg‘oniston shimoliga ko‘z tikishgan va Afg‘onistonning shimoliy qo‘shnilari yordamiga umid qilishgan. Xalqaro kontingentni olib chiqib ketish muddati tobora yaqinlashar ekan, bu masala ham tobora dolzarblik kasb etishi ma‘lum. Muhokamalardagi ikkinchi masala - xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan chiqarilganidan keyingi mintaqada yuzaga keladigan vaziyat bo‘lishi mumkin. Hozir nafaqat O‘zbekiston rahbariyati, balki butun mintaqa va Rossiya rahbarlarini ham Markaziy Osiyodagi barqarorlikka nima bo‘ladi degan masala xavotirga solayotgani aniq. Hali Amerika Qo‘shma Shtatlari 2014 yildan keyin mintaqada qanday yo‘l tutishi borasida bir qarorga kelgani yo‘q. Britaniya AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinda. Shunday ekan, 2014 yildan keyin qanday vaziyat yuzaga kelishi bo‘yicha Britaniyaning ham aytgan so‘zi muhim ahamiyat kasb etadi. Xullas, bular siyosiy, harbiy-strategik masalalar. Muzokaralardagi uchinchi masala, iqtisodiy-sarmoya masalasi. Hozir O‘zbekiston chuqur iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayapti, xorijiy sarmoyalar kamayib ketgan. O‘zbekiston qo‘shinlarini Afg‘onistondan chiqarishda Britaniyaga ko‘rsatayotgan yordami evaziga iqtisodiy-sarmoya masalalarida Britaniyaning ko‘mak ko‘rsatishini istayapti. Yana bir masala kun tartibiga qo‘yilishi mumkin: bu Janob Karimovning ambitsiyasi bilan bog‘liq. U O‘zbekistonning Britaniyaga yordami evaziga ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida oliy darajada uchrashuv tashkil qilish, shu yo‘l bilan o‘zining xalqaro obro‘ini ko‘tarishni istayotgan bo‘lishi mumkin.

BBC: O‘tgan yili Britaniya Mudofaa vaziri Richard Hammond, undan keyin Britaniya Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Katta davlat vaziri Baronessa Varsiy xonim Toshkent, Samarqandda bir necha marta bo‘ldi. Jurnalistlar ushbu safarlarning maqsadi haqida so‘rashganida, Britaniya siyosatchilari biror bir izoh berilmasligi haqida aytishdi. Sizningcha, O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokaralar nima uchun britan siyosatchilari uchun nozik masalaga aylandi?

Ilhomov: Bir tomondan, Britaniya NATO tashkilotining a‘zosi sifatida o‘zining harbiylari, texnikasini Afg‘onistondan olib chiqib ketishi kerak. Bunda O‘zbekiston muhim yo‘lda joylashgan va O‘zbekiston rahbarlarining yaxshi niyat amallariga ko‘p narsa bog‘liq. Ikkinchi tarafdan, Britaniya hukumati o‘zining obro‘ini to‘kish tahdidi ostida qolgan, chunki u inson haqlari masalasini ikkinchi o‘ringa tushirishga majbur bo‘lgan. Britaniya hukumatining ayrim harbiy texnikasini O‘zbekistonga qoldirib ketish qarori matbuot va inson huquqlari tashkilotlarining qattiq tanqidlari ostida qoldi. Yodingizdami, Andijonda O‘zbekiston armiyasi foydalangan "Defender" jiplari Britaniyada mojaroga sabab bo‘lgan edi. Shuning uchun Britaniya hukumati yanada ko‘proq tanqidlar "toshbo‘roni" ostida qolishdan cho‘chiydi.

Your contact details
Disclaimer