Qirg‘iziston: Muxolifatchi deputat 10 yilga qamalishi mumkin

Keldibekovning tarafdorlari hibsga olinishni siyosiy faoliyati bilan bog‘laydi
Image caption Keldibekovning tarafdorlari hibsga olinishni siyosiy faoliyati bilan bog‘laydi

Qirg‘iziston parlamentining deputati Axmatbek Keldibekov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Muxolifat partiyasi vakili "korruptsiya"da gumon qilinmoqda.

Parlament majlisida gapirgan Bosh prokuror Aida Salyanova deputatlarning Keldibekovni uy qamog‘iga o‘tkazish taklifini rad etgan.

"Unga og‘ir ayblar qo‘yilmoqda, biz uni vaqtinchalik tergov izolyatoridan chiqara olmaymiz va har kuni tergov qilishga chaqirolmaymiz. Chunki boshqalar tergov jarayoniga ta‘sir o‘tkazishi mumkin. Boz ustiga unga 10 yildan ortiq ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solayapti", - degan Bosh prokuror Aida Salyanova.

Parlamentning sobiq spikeri Axmatbek Keldibekov 20 noyabr kuni qo‘lga olingan. Keldibekov mansabni su‘istemol qilishda va noqonuniy ravishda pul o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda.

Deputatning o‘zi ushbu ayblovlarni rad etgan va qo‘lga olinishini siyosiy faoliyati bilan bog‘lagan.

Muxolifatdagi "Ata-Jurt" partiyasidan deputat bo‘lgan Keldibekovning yonini uning partiyadoshlari olishga harakat qilgan.

Deputatlar Bosh prokuror bilan uchrashuv davomida qonun faqat muxolifat partiyasi "Ata jurt" a‘zolariga nisbatan ishlayotganini aytgan va nima uchun oradan bir necha yillar o‘tgandan keyingina deputatga nisbatan jinoiy ish ochilgani bilan qiziqishgan.

Bosh prokuror kim qonunni buzgan bo‘lsa hammani hibsga olishini va Keldibekovning ishi prokuraturadagi yong‘in vaqtida yonib ketgani va uni tiklash uchun vaqt ketganini bildirgan.

Axmatbek Keldibekov hibsga olinishi ortidan uning 80 ga yaqin qarindoshi 21 noyabr kuni O‘sh - Ergashtom katta yo‘lini 8 soatga to‘sib qo‘ygan.

Deputatning qarindoshlari yo‘l o‘rtasiga o‘tov tikib olishgan. Natijada 30 dan ortiq yuk mashinalari yo‘lda to‘xtab qolgan. Yengil mashinalar to‘siqni aylanib o‘tgan.

Militsiya xodimlari tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng deputatning yaqinlari yo‘lni qaytadan ochishgan.

Hodisa joyida 40 nafar odam qolgani va ular yo‘l bo‘yida tong ottirishga qaror qilgani aytilmoqda.

Millatchi qarashdagi "Ata-Jurt" partiyasining a‘zolari bundan oldin ham mahkamaga tortilgan va so‘ngra ayblov bekor qilingan.

Bishkek shahar mahkamasi 17 iyun kuni "Ata-Jurt" partiyasi raisi Qamchibek Tashiyev hamda partiyaning parlamentdagi fraktsiyasi a‘zolari Sodir Japarov va Talant Mamitovlarga nisbatan ayblov hukmini bekor qilgan edi.

Uchovlon shu yil mart oyida "hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish"da aybdor, deb topilgan va 1 yilu 6 oy hamda 9 oylik qamoq jazolariga mahkum etilgandi.

Bishkek mahkamasi ularni aybdor, deb topgan, ammo 2012 yilning oktyabrida hukumat uyi qarshisidagi namoyish yurish chog‘ida davlatga yetkazilgan zararni qoplash haqida qaror chiqargan.