Londonda yana bir o‘zbek-britan forumi "sirli" ravishda o‘tkazilmoqda

Londonda O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Tashqi Iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elyor G‘aniyevlar safari doirasida iqtisodiy forum bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbek-Britan savdo-sanoat Palatasi tomonidan tashkil qilingan forumda Elyor G‘aniyev ishtirok etmoqda. Aytilishicha, yig‘inga matbuot vakillari qariyb taklif etilmagan.

Forumda ishtirok etish uchun rasman taklifnoma olgan Ochiq Markaziy Osiyo jurnali noshiri Marat Axmetjanovdan ham anjumanni tark etishi talab qilingan.

So‘nggi paytlar Britaniyada O‘zbekiston tomoni ishtiroki bilan bu kabi yig‘inlarni jurnalistlar nazaridan chetda o‘tkazishga urinilayotgani kuzatilmoqda.

Yaqinda Londonda o‘tgan Fuqarolik jamiyati institutlari rivoji borasidagi Xalqaro Britan-O‘zbek forumiga ham matbuot vakillari taklif qilinmagandi.

Ochiq Markaziy Osiyo jurnali noshiri Marat Axmetjanovning BBCga aytishicha, u oktbyar oyida biznes forumida ishtirok etish uchun O‘zbek-Britan savdo-sanoat Palatasidan rasman taklifnoma olgan.

Marat Axmetjanov: Barcha hujjatlarni, zaruriy formalarni jo‘natgandik. Biz anjumanni tashkil qilgan O‘zbek-Britan savdo-sanoat Palatasi bilan so‘nggi 5 yildan beri hamkorlik qilib kelamiz. Va bugun biznes forumga borganimda ham meni ichkariga kiritishdi. Hammasi joyida edi. Lekin, tanaffus payti Britaniya Tashqi Ishlar vazirligi vakili oldimga keldi va yig‘in raisi meni bu yerdan chiqib ketishimni istayotganini aytdi. Sababi esa, tushuntirilmadi.

BBC: Sizning o‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, bunday qilishlariga sabab nima bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

Marat Axmetjanov: Mening o‘ylashimcha, biz Britaniyadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha yagona jurnal ekanimiz qisman sabab bo‘lsa kerak. Va biz chop etadigan maqolalarning hammasi ham balki ularga yoqmas. Bundan tashqari, biz Elyor G‘aniyev janoblaridan intervyu olmoqchi edik. Ammo, bu borada javob olmagandik. Taxminimcha, eng avvalo, forumda matbuot vakillari bo‘lishini istamaslik, keyin biz qachondir bosib chiqargan yoki chiqarmoqchi bo‘lgan nimadir ularni dilini xira qilgan bo‘lishi mumkin.

BBC: Yig‘inda boshqa qandaydir jurnalistlar ishtirok etayotganini ko‘rdingizmi?

Marat Axmetjanov: Yo‘q, u yerda hech kimni ko‘rmadim. Zal yarmi bo‘sh, odamlar kam edi. Nutqlar zerikarli, asosan rus tilida bo‘ldi. Ko‘p odamlar qo‘l telefonlariga qarab o‘tirishardi. Biron bir jurnalistga ko‘zim tushmadi. Mutlaqo yo‘q yoki bor, deya olmayman, ammo elchixonadan bir kishi yig‘inni tasvirga olayotgandi, boshqa hech kim yo‘q edi.

BBC: Chiqishlar zerikarli ekanini aytayapsiz, umuman u yerda nimalar haqida gapirildi?

Marat Axmetjanov: Yig‘inning men ishtirok etgan qismida davlat biologiya va qazilma boyliklar davlat qo‘mitasidan vakil chiqish qildi. U O‘zbekistonga sarmoyalar kiritish imkoniyatlari borasida gapirdi.