Yuliya Timoshenkoga xorijda davolanishga ruxsat berilmadi

Image copyright Reuters
Image caption Muxolifatga ko‘ra, hukumat mamlakatni ovrointegratsiyaga qo‘shilishini barbod qilgan

Ukraina sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko Olmoniyaning "Sharite" kasalxonasiga davolanishga bormaydi.

Oliy Rada sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenkoga Olmoniyaga borib davolanish imkonini beradigan olti qonun loyihasini tasdiqlamagan.

Qonun loyihalari talab qilingan 200 dan ortiq ovozni yig‘a olmagan. Kommunistlar fraktsiyasi qonun loyihasiga umuman ovoz bermagan.

Olti qonun loyihasi uchun ovoz berish 10 daqiqa davom etgani aytiladi. Ovoz berish tugagach, muxolif a‘zolari norozi bo‘lib qichqirishgan.

Muxolifatga ko‘ra, hukumat mamlakatni ovrointegratsiyaga qo‘shilishini barbod qilgan.

Ovro‘po Ittifoqi yoz oylaridan beri Yuliya Timoshenkoni kerakli muolijani olish uchun xorijga borishiga ruxsat berishni talab qilib kelayotgandi. Aks holda bu Ukrainaning Ovro‘po Ittifoqiga kirish harakatlariga ta‘sir ko‘rsatishi aytilgan.

Ovro‘po Ittifoqi Timoshenko ustidan qo‘zg‘atilgan ishni siyosiy sabablarga asoslangan, deb ishonadi va bu ish ittifoq bilan Ukraina rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlar sovushiga sabab bo‘ldi.

Olmoniya Yuliya Timoshenkoning salomatligini tekshirish uchun o‘z shifokorlarini bir necha marta Kiyevga yubordi va Timoshenko xonimning davolanish uchun Olmoniyaga chiqishiga ruxsat berilishi zarurligini aytgan.

Yuliya Timoshenko umurtqa pog‘onasidagi xastalik tufayli erkin harakatlanolmayotgani xabar qilingan.

Ayni paytda Yuliya Timoshenko Xarkovdagi kasalxonada davolanishni davom ettirmoqda. Timoshenko xonim Kachanov qamoqxonasidan bel og‘rig‘i kuchaygani tufayli kasalxonaga o‘tkazilgan.

Timoshenko 2011 yilda yetti yillik qamoqqa hukm qilingan. Sobiq bosh vazir 2009 yil Rossiya bilan kelishuv imzolayotgan payt xizmat vazifasini suiiste‘mol qilganlikda aybdor topilgan.

"Rossiyaga Kiyevda rossiyaparast rahbar kerak edi. Milliy manfaatlar siyosiy maqsadga muvofiqlik bilan almashtirilgan", deb aytgan Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yushchenko Kiyevda sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko ustidan o‘tgan mahkamada.

Prezidentlik saylovlaridan so‘ng hokimiyatga Viktor Yanukovich kelgach, Timoshenko imzolagan gaz shartnomasi Ukraina uchun foydali emas, deb baholangan. Lekin uni bekor qilish harakatlari muvaffaqiyatli bo‘lmagan.

2013 yilda ham Ukraina Rossiyadan olinadigan gazning ming kubometri uchun 400 dollarga yaqin bahoda sotib olishga kelishdi.