Gulnora mojarosi haqida tojikistonliklar nima bilishadi?

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimova

Tojikistonliklar o‘z yon qo‘shnilari - O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan voqealarga qiziqib kelishgan. Lekin, mahalliy kuzatuvchilar aytishlaricha, O‘zbekiston Prezidentining katta qizi - Gulnora Karimova atrofida yuz berayotgan voqealar, gap-so‘zlarga qiziqish har qachongidan kuchli bo‘lmoqda.

"Keyingi oyda Tojikistonda Gulnora Karimova nomini eshitmaganlar eshitishdi, bilmaganlar bilib olishdi", - deydi Xo‘jand Davlat dorulfununida dars beradigan siyosatshunos olim.

Ayniqsa ziyolilar, talaba yoshlar yig‘ilgan davralarda, o‘zaro suhbatlarda Gulnora Karimova borasida gap ketmoqda.

G‘afurov tumanida yashaydigan Feruza Xudoyberdiyevaning aytishicha, u O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga nisbatan tazyiqlar boshlanishi borasida internetda xabarlar paydo bo‘lgan paytdan boshlab, Prezident qiziga aloqador bo‘lgan har bir yangilikni, turli odamlarning fikrlari bilan qoldirmasdan tanishib kelayotir.

- Oilaviy mojaroning dunyo miqyosiga chiqib ketishining o‘zi qiziq. Lekin, bu shunchaki oddiy oilaning emas, o‘ttiz million odam yashaydigan mamlakat prezidenti oilasiga tegishli mojaro bo‘lgani uchun tezda juda ko‘p odamlar diqqatini tortdi, - deydi Feruza.

"Jazolash bunday bo‘lmaydi-da"

Chkalov shahrida yashaydigan 30 yoshli Nodiraning fikricha, bir insonni jazolayman, deb ming-minglab odamlarni ular sevib tomosha qiladigan telekanallardan mahrum qilish yaxshi emas.

- Biz O‘zbekiston telekanallarini faqatgina parabolik antenna orqali ko‘rish imkoniyatiga egamiz. Agar Tojikiston va Turkmanistonning to‘rt-beshta telekanalini ana shu parabolik antennalar orqali tomosha qilish mumkin bo‘lsa, O‘zbekistonning faqat ikkita telekanali sun‘iy yo‘ldosh orqali ko‘rsatuvlarini tarqatardi. "O‘zbekiston" va "Forum" telekanallari. Ana endi "Forum"ni ta‘qiqlab qo‘yishdi. Biz bu telekanaldan o‘zbekcha filmlar, ko‘ngilochar tomoshalar ko‘rardik, qo‘shiqlar eshitardik, - ochiqchasiga yozg‘iradi Nodira.

Mahalliy kuzatuvchi Islom Nosirovga ko‘ra, Tojikistonning Xo‘jand, Qayroqqum, Chkalov kabi shaharlarida yashaydigan, Gulnora Karimova atrofidagi gap-so‘zlardan butunlay bexabar bo‘lgan odamlar ham Nodira kabi "Forum"ning yopib qo‘yilishidan norozi bo‘lishmoqda.

"Xayriyat, Karimovning bor-yo‘g‘i ikki qizi bor"

Tojikiston gazetalarida Gulnora Karimovaga aloqador maqolalar bosila boshlagach, endi O‘zbekistonda boshlanib undan tashqariga sizib chiqqan qudratli ota va undan so‘ng mamlakatni boshqarishi kutilayotgan qizi atrofidagi kelishmovchiliklar borasida internet foydalanuvchilariga qaraganda o‘n baravar, undan ham ortiq tojikistonliklar xabardor bo‘la boshlashdi.

Avvaliga Tojikiston bo‘yicha tarqaluvchi gazetalarda, undan so‘ng hatto mahalliy gazetalarda ham Gulnora Karimovaga oid maqolalar chop etila boshlandi.

- Har bir gazeta o‘zi istagan mavzuda maqola berishi mumkin. Men buni juda yaxshi tu-shunaman. Chunki gazeta o‘quvchilari uchun qiziqarli bo‘lgan mavzularni tanlaydi. Lekin qo‘shni mamlakatdagi voqealarga o‘ta ortiq darajada ahamiyat berilishi yaxshi emas, deya hisoblayman, - deydi oltmish yoshga yaqinlashganini aytgan xo‘jandlik Valijon Temurov.

Uning fikricha Tojikistonning o‘zida ham ochiq, atroflicha yoritilishi zarur bo‘lgan muammolar oz emas.

- Men bir narsa haqida o‘ylanib qolaman - xayriyat, Karimovning bor-yo‘g‘i ikkita qizi bor ekan, agar uning farzandlari besh-oltita, undan ko‘p bo‘lganda O‘zbekiston taxti uchun kurash qanday bo‘lishini tasavvur ham qilish qiyin, - deydi Valijon Temurov.

Qo‘shni mamlakatdagi gaplardan butunlay xabarsiz odamlar

Mahalliy kuzatuvchi Islom Nosirovning fikricha, Tojikistonda Gulnora Karimova haqida eshitmaganlar, u va otasi orasidagi mojarolardan butunlay xabarsiz kishilar ko‘p.

- Bu odamlar o‘zlarining tirikchiliklari bilan ovora. Qanday bo‘lsa-da, oila boqish yuz minglab oddiy tojikistonliklarning miyalarini band etib turibdi. Ustiga biryoqda qish yaqinlashib kelyapti. Qishga, ilikuzdi vaqtlargacha yetadigan oziq-ovqat sotib olish. uyni isitish, bolalari, nevaralarining shamollab qolmasligi uchun o‘tin-ko‘mir g‘amlash degan gaplar bor. Ko‘mir narxi esa, kuniga oshib turibdi, - deydi mahalliy kuzatuvchi.