Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Isroil "xato" deb aytayotgan bitimni olqishladi

Image copyright AP

Eronda dunyo rahbarlari bilan yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishgan muzokarachilar tantanali qarshi olingan.

Yakshanba kuni Jenavada erishilgan kelishuv ortidan neft bozorlaridagi narxlar pasaygani ham kuzatilgan.

Eron 7 milliard dollarga teng jazo choralari yumshatilishi evaziga yadroviy dasturi bilan bog‘liq ayrim amaliyotlarni cheklashga rozi bo‘lgan.

Yakshanba kuni Tehronga qaytgan muzokarachilarni qarshilash uchun Mehrobod aeroportiga chiqqan olamon gullar va Eron bayroqlarini ko‘tarib olishgan. Ular Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarifni "tinchlik elchisi" deya olqishlashgan.

Eron davlat televideniyesiga gapirgan Zarif janoblari Eron mazkur kelishuv maqsadga muvofiq amalga tadbiq etilishi uchun zaruriy qadamlarni tashlashga hozir ekanini aytgan. Ammo, uning aytishicha, Jenevada erishilgan olti oylik muvaqqat bitim Tehron tomonidan har qanday bosqichda bekor qilinishi mumkin.

"Albatta, umid qilamizki, biz bunga bormaymiz", deb aytgan Eron Tashqi ishlar vaziri.

Isroil tarafi esa, AQSh, Rossiya, Xitoy, Frantsiya, Britaniya va Olmoniya va rasmiy Tehron o‘rtasidagi bitimni "tarixiy xato" deya baholagan.

Isroil Bosh vazirining izohlari AQSh va Eron bitimga yo‘l ochish uchun so‘nggi oylar bir necha bor yuzma-yuz uchrashishgani, biroq buni o‘z ittifoqchilaridan sir tutishgani haqidagi xabarlar ortidan yangragan.

Avvalroq, Prezident Barak Obama rasmiy Tehron bilan kelishuvni olqishlagan va bu "Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarishdan to‘xtatishga ko‘mak berishi" mumkinligini aytgandi.

Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahuga sim qoqib, Vashington Isroil oldidagi majburiyatlariga sodiq ekaniga ishontirishga uringan.

Dunyo rahbarlari Eron yadroviy dasturi qurol ishlab chiqarishga qaratilgan deya da‘vo qilishadi. Eron tarafi esa, bu iddaolarni har doim rad qilib kelgan.

Yakshanba kungi televizion chiqishida ham Prezident Ruhoniy mamlakati hech qachon yadroviy qurol ishlab chiqarish tomon bormasligini ta‘kidlagan.

"Qanday talqin etilishidan qat‘iy nazar, Eronning uranni to‘yintirish huquqi tan olindi", deb aytgan Ruhoniy janoblari.

Tehronning urg‘ulashicha, quvvat stantsiyalarida qo‘llash uchun bunga izn berilishi kerak.