18 yoshli Abdulmo‘min o‘zini nega o‘ldirdi?

Mas‘ullarga ko‘ra, yoshgina yigitcha faqirlik sabab o‘z joniga qasd qilgan.

Ayon bo‘lishicha, Abdulmo‘min olgan qarzlarini to‘lashga imkonsiz bo‘lgani uchun ham, bu ishga qo‘l urgan.

Hodisa Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashovchi shimoliy Jauzjon viloyatida yuz bergan.

Yaqinlarining BBCga aytishlaricha, uning qarzi 50.000 afg‘oniy yoki qariyb 900 AQSh dollari atrofida bo‘lgan.

Buncha qarzni qaytarishga ko‘zi yetmagan Abdulmo‘min avvalroq, "o‘limdan boshqa choram yo‘q", - deb ham aytib yurgan.

Bundan bir necha yil burun otasi qazo qilgan yigitcha do‘stining uyida ishlab, shuning orqasidan topgan to‘rt tanga puliga o‘z tirikchiligini o‘tkazgan.

Baxtsiz hodisa ham ana shu do‘stining uyida ro‘y bergan.

Mahalliy inson huquqlari faollarining rasmiy ma‘lumotlariga qaralsa, birgina shu yilning o‘zida bu kabi o‘lim hollarining soni 20 dan ortgan.

Faollar buning asosiy sababini qarzdorlik, bekorlik yoki ruhiy nosog‘lomlik bilan bog‘lashadi.

Agar, xabarlarga qaralsa, bundan bir necha kun burun ham xuddi shu viloyatning o‘zida 15 yoshli o‘smir yigitcha o‘zini osib o‘ldirgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, hatto, afg‘onistonlik mulozimlarning o‘zlari ham so‘nggi yillarda qashshoqlik bois aholi orasida xudkushlik hollari ortib borayotganini tan olishadi.

O‘tgan 10 yildan ortiqroq vaqt badalida berilgan milliardlab dollarlik yordam pullariga qaramay, Afg‘oniston hanuz dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi.

Mamlakatda ishsizlik chuqur ildiz otgan, yetarlicha ish o‘rinlari yo‘q va borlarida ham oylik maoshlari haminqadar.

Iqtisodi qishloq xo‘jaligiga asoslangan emasmi, mamlakatning aksariyat aholisi istiqomat qiluvchi chekka qishloq hududlarida ko‘pchilikning ro‘zg‘ori dehqonchilik orqasidan o‘tadi.

Ammo ushbu soha yillarki hukumatning e‘tiboridan chetda qolgan, mutaxassislarning o‘zlari uning ibtidoiy ahvolda ekanini ta‘kidlashadi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra esa, bu kabi vaziyat yoshlarning turli isyonchi guruhlar saflarini to‘ldirishlariga sabab bo‘lmoqda.

Muhojiratga yuz tutish va giyohvand moddalarga ro‘jo‘ qo‘yishlariga ham olib kelmoqda.