O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlaridagi notekisliklar qayerda?

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Toshkentda Prezident Islom Karimov bilan uchrashgan.

Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida qator yangi bitimlar imzolangan.

Bular madaniy-gumanitar sohalardagi, kimyo sanoatlari, sayyohlik va jinoyatlarga qarshi kurash masalalarida hamkorlikni ko‘zda tutadigan shartnomalar.

O‘zbekistonning boshqa qo‘shnilari bilan bo‘lgani singari Turkmaniston bilan munosabatlarini ham silliq deb bo‘lmaydi. Nega shunday? Biz ushbu savolni Turkmanistonlik jurnalist va huquqbon Farid Tuxbatulinga berdik:

Farid Tuxbatulin: Sho‘ro Ittifoqi o‘rnida yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lganiga 20 yildan oshiqroq vaqt o‘tganiga qaramasdan, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida hal etilmagan ko‘plab muammolar qolmoqda. Bulardan asosiylari, chegara masalalari - sarhadlarni delimitatsiya qilish, odamlarning bordi-keldisi va o‘zaro chegarada joylashgan gaz konlari masalalaridir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona bo‘lmagani uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan bu muammoli masalalar shu paytgacha ham yechilgani yo‘q.

BBC: Sizningcha, bugun O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashga to‘siqlik qilayotgan asosiy omillar nimada?

Farid Tuxbatulin: Mening o‘ylashimcha, hali prezident Niyozov tirik bo‘lgan payti ikki rahbar o‘rtasidagi shaxsiy yoqtirmaslik asosiy narsa bo‘lgan. Prezident Niyozov bilan Prezident Karimov bir-birini yomon ko‘rar ekan, degan mish-mishlar juda ko‘p tarqalgan edi. Ikki rahbar bir-biridan xafa bo‘lgan, oqibatda esa ikki mamlakat xalqlari jabr ko‘rgan. Misol uchun mamlakatlar mustaqilligining ilk yillarida Turkmanistonning Toshhovuzida do‘stlik-birodarlik bayrami degan bayramlar tashkil qilinar, bu bayramga O‘zbekistonning Xorazmidan mehmonlar taklif qilinardi. Yillar o‘tib, bu bayram o‘zbekistonlik mehmonlarsiz tashkil qilinadigan bo‘ldi. O‘ylaymanki, o‘sha zamondagi prezidentlar o‘rtasidagi shaxsiy ishonchsizlik Turkmanboshi vafot etib, mamlakatga yangi prezident kelganidan keyin ham saqlanib qoldi. Mana shu narsa ikki mamlakat munosabatlarini belgilab berayotgan asosiy omillardan bo‘lib qolayapti.

BBC: Mana bugun Toshkentda madaniy-gumanitar masalalarda hamkorlik qilish, sayyohlik va axborot agentliklari bilan birga ishlash shartnomalari imzolangan. Siz nima deb o‘ylaysiz, ham Turkmaniston va ham O‘zbekiston bir quvurdan Xitoyga gaz sotishni boshlagani ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchsizlikni bartaraf qilishga yordam berayaptimi?

Farid Tuxbatulin: Xitoydek yirik, boy va kuchli mamlakatga gaz sotishdan ko‘zlangan manfaatdorlik balki O‘zbekistonni ham, Turkmanistonni qo‘shnisiga nisbatan tutgan ayrim tamoyillaridan voz kechishga undagan, gina-kuduratni bir chetga surib qo‘yib, qo‘shnisiga qandaydir yon bosishga va hamkorlikka undagan bo‘lishi mumkin. Chunki bu hamma tomon uchun manfaatli hamkorlikdir.