O‘zbekiston va Turkmaniston tovar aylanmasini ko‘tarishga bor kuchini tashlamoqchi

Ikki davlat o‘rtasida savdo aylanmasi 450 million dollarni tashkil qiladi. O‘tgan 2012 yili yilning ichida savdo aylanmasida hech qanday o‘sish kuzatilmagan. Ikki davlat rahbari ushbu ko‘rsatgichni oshirishga kelishib olgan.

Gurbanguli Berdimuhamedovning Toshkentga rasmiy tashrifi davomida yana bir qator hujjatlar imzolangan.

Turkmaniston prezidenti savdo-iqtisodiy munosabatlar masalasida ikki davlat transport tranzit sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish lozimligini urg‘ulagan.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qo‘shma bayonot imzoladi.

O‘zA axborot agentligining yozishicha, "ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, Jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi".

Shuningdek, ikki mamlakatning kimyo sanoati va turizm kompaniyalari, axborot agentliklari, tovar-xomashyo birjalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolangan.

Ikki davlat o‘rtasida 2012 yili savdo aylanmasi 450 million dollardan ortiqroqni tashkil qilgan. 2012 yilning sentyabr oyida toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan o‘zbek-turkman komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G‘aniyev ikki yilning ichida ikki davlat o‘rtasida savdo aylanmasini 1 millard dollarga chiqarish imkoniyatlari mavjud ekanligini bildirgan edi.

Biroq o‘tgan bir yilning ichida savdo aylanmasida o‘sish holati kuzatilmagan. 2011 yili 454 million dollarlik savdo aylanmasi bo‘lgan bo‘lsa, 2012 yili ham ushbu ko‘rsatgich qaytarilgan.

Toshkentdan siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov gap raqamlarda emasligini, balki ikki davlat o‘rtasida hamkorlikning mavjudligida ekanini aytadi.

"O‘ylashimcha, Turkmaniston prezidentining tashrifi davomida qanday shartnomalar qabul qilingani, qanday bayonotlar qabul qilinganidan qat‘iy nazar tashrifning o‘zi muhim. Markaziy Osiyo mintaqasida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni faol holatda saqlab turishimiz kerak", - deydi Farhod Tolipov.

Siyosatshunosga ko‘ra Turkmaniston rahbari bilan O‘zbekiston rahbarining har yili uchrashib turishi bu ramziy ma‘noga ega bo‘lgan faktdir.

"Bu ikkita davlat o‘zining munosabatlarini aktiv holda saqlab turishibdi. Bir biriga bo‘lgan e‘tibori hech qachon sustlashmayapti, hamkorlikka bo‘lgan niyat va maqsadlari doim o‘sib borayapti degan messaj bu. Mana shu nuqtai nazardan Turkmaniston O‘zbekiston munosabatlari yaxshi rivojolanayapti deb baholashimiz mumkin", - deydi Farhod Tolipov.

Siyosatshunosning aytishicha, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar iliqligi bilan Markaziy Osiyoning Tojikiston va Qirg‘izistoniga qaraganda ajralib turibdi.

Your contact details
Disclaimer