Osiyo Chempionlar ligasi: O‘zbekistonga berilgan kvotalar kamaydi

Image copyright AFP

26 noyabr kuni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Ijroiy qo‘mitasi yig‘ilishida kelasi mavsum uchun yangi kvotalar tasdiqlandi.

Yig‘ilish qaroriga muvofiq, O‘zbekistonga 1+2 ko‘rinishida kvota ajratildi.

Bu degani – kelasi yildan e‘tiboran O‘zbekistonning amaldagi chempioni "Bunyodkor" Osiyo Chempionlar ligasi bellashuvlarini guruh bosqichidan boshlaydi.

"Lokomotiv" va "Nasaf" esa, guruh bosqichiga chiqish uchun avval pley-off bellashuvlarida ishtirok etishadi.

Agar, qit‘aning G‘arb va Sharq mintaqalari uchun ajratilgan yangi kvotalarga qaralsa, eng ko‘p kvotalar (har birlariga 4 tadan) Saudiya Arabistoni, Eron, Yaponiya va Janubiy Koreya jamoalariga tekkan.

Taqqoslash uchun eslatib o‘tish lozim, O‘zbekiston o‘tgan futbol mavsumida 3+1 ko‘rinishidagi kvotaga ega edi.

Tarixcha o‘rnida

O‘tgan yil iyul oyida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Professional futbolni rivojlantirish qo‘mitasi Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda o‘tkazgan yig‘inida yangi kvotalar masalasini ko‘rib chiqqandi.

O‘shanda kvotalar Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi davlatlarga boradigan OFK inspektsiyasi xulosasiga asosan qayta bo‘lib chiqilishi aytilgandi.

Yangi reja tafsilotlaridan ana shu tekshiruvdan so‘ng qit‘aning Sharq va G‘arb mintaqalarida eng ko‘p ball olgan federatsiyalar reytingi tuzib chiqilishi, eng ko‘p ball to‘plagan ikkitadan davlatning har biriga Osiyo Chempionlar ligasi uchun to‘rttadan yaxlit kvotalar ajratilishi ma‘lum bo‘lgandi.

Ushbu reytingda 3-o‘rinni egallagan mamlakatlarga esa, 3+1 ko‘rinishida yo‘llanma berish rejalangandi.

Shu jumladan, har bir mintaqaning to‘rtinchi davlatiga 2+1, beshinchi mamlakatiga esa, 1+1 ko‘rinishida kvota ajratishga qaror qilingandi.

Reytingda oltinchi, yettinchi va sakkizinchi o‘rinni egallagan davlatlarga yarimtadan yo‘llanma berilib, ularning Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichi bahslarida ishtirok etishlari ko‘zda tutilgandi.

Munosabat

O‘zbekistonga ajratilgan yangi kvotalar mamlakatdagi futbolga ixtisoslashgan internet nashrlarida turli xil munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Qoldirilgan fikrlardan birida, "Osiyo Chempionlar ligasida uzoqni ko‘zlagan klub uchun pley-off o‘yinlari hech narsa emas. 3 ta o‘rin juda yaxshi berilgan. Bundan ortig‘iga loyiq ham emas klublarimiz", - deb mulohaza bildirilgan bo‘lsa, o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashgan boshqasi, "O‘zbekistonga 1+2 kvotasi berilgan taqdirda ham, undan 100% foydalanish kerak. Iloji boricha yuqori o‘rinlar uchun kurashish, finalgacha chiqish kerak. OChLda qancha klublarimiz ko‘p qatnashsa, chempionatimiz saviyasiga sezilarli ta‘sir qiladi. JCh-2018da qatnashishni maqsad qilgan ekanmiz, ichki chempionat saviyasini 2 bosh ko‘tarishimiz shart , hech bo‘lmaganda, OFK chempionatlariga nisbatan. Bunga tayyorgarlikni hozirdan boshlamasak, ertaga yana teshik tog‘ora oldida qolishimiz mumkin", –deb yozadi.

Teshavoy esa, "Saudiya, BAA, Eron va Xitoydan bittadan o‘rinni olib tashlasayam bo‘ladi", - degan fikrda.

UZB-FCB-ANDIJAN, "G‘arbda 2 ta o‘rin uchun 12 ta jamoa, sharqda bo‘lsa 6 ta klub o‘ynarkan, qani adolat??? O‘zbekiston chempionini sharqqa tiqish kerak edi(((", - deya o‘z taassuflarini izhor etgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, hozircha biror bir O‘zbekiston jamoasiga Osiyo chempionlar chempioni bo‘lish sharafi nasib etmagan.

Toshkentning "Bunyodkor" va "Paxtakor" klublari ikki bor ushbu nufuzli turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.