Qirg‘iziston parlamenti "Qirg‘izgaz"ni "Gazprom"ga 1 dollarga sotdi

Image copyright UNIAN

Qirg‘iziston parlamenti mamlakatning gaz ta‘minoti bilan shug‘ullanadigan "Qirg‘izgaz" shirkatini Rossiyaning "Gazprom" shirkatiga ramziy 1 AQSh dollariga sotish haqidagi kelishuvni ma‘qullagan.

Shu yilning iyul oyida Qirg‘iziston hukumati hay‘atining Moskvaga tashrifi payti Rossiya va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida kelishuv imzolangan va bu bitim kuchga kirishi uchun ikki mamlakat parlamentlarining ma‘qullovi talab qilinardi.

Kelishuvga ko‘ra, "Qirg‘izgaz" shirkatiga tegishli barcha quvurlar, yerostidagi gaz omborlari va gazni taqsimlash stantsiyalariga Rossiyaning "Gazprom" shirkati tasarrufiga o‘tadi.

Buning evaziga "Gazprom" Qirg‘izistondagi gaz ta‘minoti tizimini yaxshilash maqsadiga 625 million dollarga teng mablag‘ sarflashni o‘z bo‘yniga oladi.

Shuningdek, Rossiyaning davlat nazoratidagi shirkati Qirg‘iziston hududidagi gaz konlarini qidirib topish va bu konlardan gaz chiqarib olish bilan ham shug‘ullanadi.

Qirg‘iz rasmiylari ushbu kelishuv mamlakatdagi gaz ta‘minoti bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashiga umid qilayotganlarini aytganlar.

Rossiya bilan Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan kelishuvni parlament a‘zolaridan 65 nafari ma‘qullab, 15 deputat qarshi ovoz bergani xabar qilinmoqda.

Mintaqaning qashshoq mamlakati bo‘lgan Qirg‘izistonning asosiy gaz ta‘minotchisi O‘zbekiston bo‘lib kelgan.

Mustaqillik yillarida Qirg‘iziston foydalanilgan tabiiy gaz uchun O‘zbekistonga haq to‘lolmasligi, O‘zbekiston esa yil oxirida - qish sovuqlari boshlangan paytda gaz uzatishni to‘xtatib qo‘yishi deyarli doimiy hodisaga aylandi.

O‘zini issiqlik energiyasi bilan ta‘minlashga majbur ekanini aytgan Qirg‘iziston yozda O‘zbekistonning ekinlarni sug‘orishi uchun muhim bo‘lgan va ayni shu maqsadda barpo etilgan Toqtog‘ul GESidagi suvni yig‘ish o‘rniga oqizib, elektr quvvati ishlab chiqarish yo‘lini tanladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, "kattagina bozori"ni yo‘qotishi barobarida vujudga kelgan bu kabi vaziyatning oqibatlari O‘zbekiston uchun jiddiygina bo‘lishi mumkin.