O‘zbekistonda yana bir tijorat banki litsenziyasi qaytarib olingan

Image caption Markaziy bankka ko‘ra, Credit Standart Bank O‘zbekistonning banklar haqidagi qonunini buzgan

O‘zbekiston Markaziy banki xabar tarqatishicha, mamlakatning bosh banki Credit Standart Bank ochiq turdagi aktsionerlik-tijorat bankining faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan.

Markaziy bank web-saytidagi xabar "Kredit-Standart" ochiq aktsionerlik-tijorat bankining faoliyatini tugatish to‘g‘risida" deb nomlanadi.

Web-saytning 27 noyabr kungi xabarida aytilishicha, "O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida"gi Qonunining 53-moddasi va "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunining 14-moddasiga asosan amaldagi bank qonunchiligi talablarini buzganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki "Kredit-Standart" ochiq aktsiyadorlik tijorat bankidan bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib oldi".

Toshkentliklar Credit Standart Bankning sobiq "Bolalar dunyosi" do‘koni qarshisidagi hashamatli binoni yaxshi eslashadi.

Tillo suvi yugurtirilgan tashqi bezaklari bilan dabdabali qilib qurilgan bino didsiz me‘morning ijodi ekani haqidagi mulohazalar Internetda tarqalgan.

O‘zbekistonda yaqin-yaqingacha ham bu bank mamlakatdagi bozor iqtisodi islohotlarini amalga oshirish yo‘lidagi yutuqlardan bir misol sifatida ko‘rilgan.

Mahalliy matbuot Credit Standart Bankning xalqaro nufuzi oshib ketayotgani haqida maqolalar yozgan.

Bunga misol tariqasida Britaniyada nashr etiladigan "Bankir" xalqaro jurnali Credit Standart Bankni 2011 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi banki deb e‘tirof etgani xabar qilingan.

Biroq bunga qaramasdan, oradan atigi bir yil o‘tib, 2012 yil dekabrida O‘zbekiston Markaziy banki Credit Standart Bankning xorijiy valyutalar bilan oldi-sotdi qilishiga ruxsat beradigan litsenziyasini tortib olishga qaror qilgan.

Ushbu bank O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga aloqador ekani haqidagi xabarlar tarqalgan.