G‘arbda muzlatilgan mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish "oson ish emas"

Gulnora Karimovaga yaqin tashkilot va shaxslarga qarshi tekshiruvlarning boshlanishi ortida, ayrim farazlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining, go‘yoki, xorijda muzlatilgan va Gulnora Karimovaga aloqasi borligi da‘vo qilingan mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish istagi turibdi.

Interfax axborot agentligining O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbaga iqtibosan ma‘lum qilishicha.

Garchi, O‘zbekiston rasmiylari bu haqda hech qanday izoh bermagan esalar-da.

Ammo, buning imkoni bormi?

Xalqaro qonunchilik bu borada nima deydi?

BBC ayni savol bilan bir necha yil muqaddam Turkmanistonnnig sobiq prezidenti Saparmurot Niyozovga tegishli ekani da‘vo qilingan xorij hisoblaridagi mablag‘larni tekshirgan Britaniyadagi Global Witness tashkiloti eksperti Tomas Maynga bog‘landi.

Tomas Mayn: Eng avvalo O‘zbekistondan o‘tkazilgani aytilgan millionlab dollarni muzlatib qo‘ygan mamlakatlar rasmiylari, bu o‘rinda Shvetsiya, Frantsiya va Shveytsariya, tergov va tekshiruv ishlarini nihoyasiga yetkazishlari lozim bo‘ladi. Ular, shuningdek, muzlatilgan pullar jinoyat yo‘llari bilan to‘planib-to‘planmaganini aniqlashlari va bu borada xulosa bildirishlari kerak. Bu jarayon, bilishimizcha, hozirga qadar nihoya topgani yo‘q. Tekshiruvlar oxiriga yetgach, muzlatilgan mablag‘larni nima qilish masalasi mazkur mamlakatlar va o‘zbek hukumati rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralarda hal etiladi. Ammo muzlatilgan pulni O‘zbekistonga qaytarish oddiy va tez bajariladigan jarayon emas. O‘tmishda biz Liviya va Misr misolida bunday muzokaralarning o‘tkazilganiga guvoh bo‘lganmiz.

BBC: Muzlatilgan pulni qaytarib olishni talab qilgan mamlakatga qandaydir talablar qo‘yiladimi?

Tomas Mayn: Bu mablag‘ni muzlatib qo‘ygan mamlakatlar irodasiga bog‘liq. Global Witness faoli sifatida meni qaytarilishi mumkin bo‘lgan mablag‘ning qanday sarflanishi qiziqtirgan bo‘lardi. Hozirda O‘zbekistonda yuz berayotgan hodisalar ko‘plab mish-mishlarni uyg‘otgan. Mamlakatning navbatdagi rahbari kim bo‘lishi mumkin, kimga qarshilik ko‘rsatilyapti, degan savollarga turli xil javoblar mavjud. O‘zbekistonda yuz berayotgan voqea-hodisalar, albatta, xavotirlidir. Shuning uchun, agar pul qaytarilsa, uning qayerga sarflanishini nazorat qilish o‘ta muhim bo‘ladi. Hukumat bu mablag‘ni to‘g‘ri ishlatishi haqida hisobot berib turishi zarur bo‘ladi.

BBC: Bordiyu muzlatilgan mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarildi ham deylik, ortidan G‘arb davlatlari bu pullarning qay sohalarga yunaltirilishini nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishadimi?

Tomas Mayn: Pul qaytarilgach, pulni qaytarib bergan davlat yoki bank uning ustidan yuridik mas‘uliyat va nazoratni yo‘qotadi. Ammo muzlatilgan mablag‘ni banklar osonlik bilan berib qo‘yishmaydi. Buning uchun O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ular bilan hamkorlik qilishga majbur. Boz ustiga ularda pulni qaytarib olish uchun kuchli asoslar bo‘lishi kerak. Bu esa unchalik oson ish emas.