"Muhammad Bekjon - jahondagi tutqunlikda eng uzoq saqlanayotgan jurnalist"

Image copyright b

Xalqaro "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti 2013 yildagi Matbuot erkinligi mukofoti bilan O‘zbekiston qamoqxonasida 14 yildan buyon saqlanayotgan jurnalist Muhammad Bekjonni taqdirlagan.

Xalqaro mukofotni topshirish marosimi 27 noyabr kuni Strasburg shahrida bo‘lib o‘tgan.

Muhammad Bekjon mukofotini "Markaziy Osiyoda Inson huquqlari" tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva qabul qilib olgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti Muhammad Bekjonni dunyodagi qamoqda eng uzoq saqlanayotgan jurnalist deb atagan.

60 yoshga to‘lgan Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi nashri bo‘lgan "Erk" ro‘znomasining muharriri.

Jurnalistlarning xalqaro tashkiloti ushbu ro‘znoma ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muammolarni yoritgan mustaqil O‘zbekistondagi ilk nashrlardan biri bo‘lganini qayd etgan.

1999 yilgi Toshkent portlashlaridan O‘zbek rejimi o‘z tanqidchilari ovozini o‘chirish maqsadida foydalandi va qiynoqlar ostida Muhammad Bekjon terrorizmga aloqadorligini tan olishga majbur bo‘ldi, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" bayonotida.

Muhammad Bekjon va yana bir o‘zbekistonlik jurnalist Yusuf Ro‘zimurodov 1999 yil Toshkent portlashlaridan keyin Ukrainada qo‘lga olinib, O‘zbek hukumati talabi bilan vataniga ekstraditsiya qilingan.

Olti oy o‘tgach, ularga taqiqlangan gazeta va materiallar chop etish va tarqatish, taqiqlangan siyosiy namoyishlarda qatnashish hamda hukumatni ag‘darishga urinish kabi ayblovlar qo‘yilgan.

Mahkama jarayonida Bekjonov va Ro‘zimurodov o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etib, qiynoqqa solinganlarini aytishgan.

Mahkama Muhammad Bekjonni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan, 2003 yilda uning jazo muddati 3 yil 8 oyga qisqartirilgan edi.

2012 yil yanvarda jazo muddati nihoyasiga yetishidan oldin O‘zbek mahkamasi Bekjonovni qamoqxona tartibini buzganlikda ayblab, uning jazo muddatini yana besh yilga cho‘zgan.

Shu yil mart oyida Navoiydagi qamoqxonada turmush o‘rtog‘ini borib ko‘rgan Muhammad Bekjonning ayoli Nina Bekjonova uning salomatligi juda yomonlashganiga guvoh bo‘lgan.

O‘shanda Nina Bekjonovaning aytishicha, turmush o‘rtog‘i sil kasalligidan azob chekmoqda, grijasini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyoti zarur.

Bekjonova oldingi safarlar sog‘ligidan uncha nolimagan eri o‘tgan oyda unga "buyog‘iga uzoq yashamasam kerak", deganini bildirgan.

Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" partiyasining rahbari, O‘zbekiston Xalq Harakatining yetakchisi Muhammad Solihning ukasidir.