"Rossiyalik faol Gannushkinani yomonotliq qilishmoqchi"

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlar huquqini himoya qilib kelgan Gannushkinadan huquq-tartibot idoralari o‘ch olish niyatida, deydi o‘zbekistonlik qochqin ayol

Rossiya Federal muhojirlik xizmati Moskva shahar bo‘limi xodimlari qo‘lga olgan ikki o‘zbekistonlikdan taniqli huquq faoli Svetlana Gannushkinaga qarshi ko‘rsatma berishni talab qilgan.

Bu haqda "Jarayon" web sayti xabar bermoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, 27 noyabrda Moskva politsiyasi Rossiyada qochqinlik maqomini olgan himoyachi Nazira Qarshiyevaning ikki farzandi Xayriniso va Chingiz Farmonovlarni ushlagan.

Himoyachi Nazira Qarshiyevaning "Jarayon"ga aytishicha, 23 va 24 yoshli farzandlari Rossiyadan boshpana so‘rab ariza berish uchun muhojirlik xizmatiga borishgan.

Biroq Muhojirlik xizmati xodimlari ularning arizalarini qabul qilmasdan, boshpana to‘g‘risida so‘roviga og‘zaki ravishda rad javobini bergan.

Nazira Qarshiyevaga ko‘ra, avvalroq muhojirlik xizmati xodimlarining o‘zi unga farzandlari ham ariza berishi mumkinligini aytgan.

"Biroq qizim va o‘g‘lim idoraga borishganda ularni eshitishmagan ham. Ko‘chaga chiqishlari bilan politsiya ushlagan", deydi u.

Himoyachi Nazira Qarshiyeva uch yil davomida bolalari bilan Svetlana Gannushkina rahbarligidagi "Fuqaroviy ko‘mak" tashkilotida ko‘ngilli bo‘lib ishlagan.

"Hozir o‘zbekistonlik muhojirlarga doim yordam berib kelgan Gannushkinaga qarshi tuhmat qilishim evaziga bolalarimni ozod qilishni va‘da qilmoqda. Aks holda ularni O‘zbekistonga deportatsiya qilish bilan qo‘rqitmoqda", - deydi Nazira Qarshiyeva.

Svetlana Gannushkina rasmiylarning, xususan Federal muhojirlik xizmatini Misr, Suriya va Liviyadan kelgan qochqinlardan pora so‘rashini oshkor etgani orqasidan undan o‘ch olish niyatidalar, deydi o‘zbekistonlik qochqin ayol.

Qarshiyevaning farzandlari ayni paytda politsiya bo‘limida taqdirlari nima bo‘lishini kutishmoqda.

Nazira Qarshiyevaning o‘zi Samarqandda himoyachi bo‘lib ishlaganida, mijozlarining huquqini sidqidildan himoya qilgani sabab bosimlarga uchragani va Rossiyaga chiqib ketishga majbur bo‘lganini aytadi.