Futbol: Vadim Abramov Qozog‘istonga ishga o‘tdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq Bosh murabbiyi "Ostona" klubi bilan rasman bir yilga shartnoma imzoladi.

Bu haqda Vadim Abramov BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida ma‘lum qildi.

51 yoshli mutaxassis klubning yaqinda iste‘fo bergan chexiyalik Bosh murabbiysi Miroslav Beranekning o‘rnini egallaydi.

Vadim Abramov 2010-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiylik qilgan.

Shuning barobida O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasini ham boshqargan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan birga tarixiy natija qayd etib, ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaligacha ko‘tarilgan.

Jamoani 2014 yilgi jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlarining yakuniy bosqichiga olib chiqqan.

Vadim Abramov o‘z murabbiylik faoliyatini Farg‘onaning "Neftchi" klubida Bosh murabbiy yordamchisi sifatida boshlagan.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning "NBU-Osiyo", "Traktor" va "Lokomotiv" klublarida ishlagan.

Tashkil topganiga bor-yo‘g‘i 4 yil bo‘lgan "Ostona" jamoasi esa, bu yil Qozog‘iston milliy chempionatini kumush medal bilan yakunlagan.

Qozog‘istonning anchayin serxarj jamoalaridan biri sanaladi.

BBC O‘zbek Xizmati so‘nggi yangilik ortidan Vadim Abramov bilan bog‘lanib, undan nega aynan "Ostona"ga o‘tishga qaror qilganini so‘radi:

Vadim Abramov: Men Ostonaga butkulga ketganim yo‘q. Faqat bir yil, bir yarim yilcha ishsiz yurganim bois, "Ostona" jamoasi Bosh murabbiyligini qabul qildim. Bungacha ham menga boshqa klublardan takliflar bo‘lgandi. Ammo Osiyo jamoalaridan keyin Ovro‘po klubida ishlash istagim bo‘lgani uchun ularga qiziqish bildirmagandim. O‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygani va menga ancha mos tushgani uchun aynan "Ostona" klubiga Bosh murabbiylikni tanladim.

BBC: Qozog‘iston klubi bilan shartnomangiz qanchaga endi? Necha yil u klubga Bosh murabbiylik qilmoqchisiz?

Vadim Abramov: Hozircha rasman 1 yilga shartnoma imzoladik. Uyog‘i erishilgan natijaga bog‘liq bo‘ladi. Chunki murabbiylik ishi shunday.

BBC: U holda birlamchi rejalaringiz qanday? "Ostona" jamoasi bilan qanday yutuqlarga erishmoqchisiz? Klub oldiga qanday vazifa qo‘yilgan?

Vadim Abramov: Agar, rejalarga keladigan bo‘lsak, klub oldiga eng avvalo Qozog‘iston chempioni bo‘lish va Ovro‘po ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasi qo‘yilgan. Ustiga ustak, klub so‘nggi mavsumda Ovro‘po ligasida to‘p surish huquqini qo‘lga kiritgan. Shu bois ham, maqsad - kelasi yilgi mavsumda ushbu turnirda munosib o‘yin ko‘rsatish.

BBC: Vadim aka, endi yangi jamoangiz haqida nima deya olasiz?

Vadim Abramov: Men jamoani endigina qabul qilib oldim. O‘yinchilar bilan yaqindan tanishgach, shu bir oylar ichida klubning kuchli va ojiz jihatlari haqida aniq bir to‘xtamga kelishim mumkin bo‘ladi. Hozir bu xususda qat‘iy bir narsa deyish qiyin.

BBC: Agar, yana O‘zbekistonda o‘z faoliyatingizni davom ettirish imkoniyati bo‘lsa, ortga qaytasizmi?

Vadim Abramov: Albatta. Chunki O‘zbekiston mening Vatanim. O‘zbekistondan juda minnatdorman. Har jihatdan. Endi, futbol shunaqa narsaki, bir kun u yerda, ertasi kuni boshqa yerda ishlashingizga to‘g‘ri keladi. Bu - futbol uchun normal bir holat. Hozir men nafaqat o‘zimni, balki barcha o‘zbekistonlik murabbiylarni namoyon etaman. Shuning uchun ham, o‘zimni munosib ko‘rsatishni istayman.