Olimjon To‘xtaoxunov: Eng avvalo qonunga itoatgo‘y bo‘lish kerak

Image copyright RIA Novosti
Image caption Olimjon To‘xtaoxunovning aytishicha, bolaligida futbol o‘ynab yurgan paytlari uni tengqurlari "Tayvanchik" deb chaqira boshlaganlar

BBC mehmoni rossiyalik biznesmen Olimjon To‘xtaoxunov.

Olimjon To‘xtaoxunov - "Tayvanchik" 1949 yil 1 yanvar kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Uning aytishicha, bolaligida futbol o‘ynab yurgan paytlari uni tengqurlari "Tayvanchik" deb chaqira boshlaganlar.

U "Paxtakor"ning o‘smirlar komandasida ham o‘ynagan.

Keyin Moskvadagi TsSKA futbol jamoasiga o‘tgan.

U o‘sha yillari qarta o‘yini bilan professional shug‘ullanganini aytadi.

1989-yilda Olmoniyaga borib biznes bilan shug‘ullana boshlaydi va o‘shanda yirik mablag‘ to‘plaganini aytadi.

2002 yilgacha Olmoniya, Frantsiya va Italiyada yashaydi.

O‘sha yili Olimjon To‘xtaoxunovni Solt-Leyk-Siti shahrida bo‘lib o‘tgan Qishki Olimpida o‘yinlarida oltin medalni sotib olishda ayblashadi.

AQSh talabi bilan Italiya politsiyasi uni hibsga olib, 10 oy ushlab turadi.

Biroq Italiya konstitutsiyaviy mahkamasi ayblovni asossiz deb topib, Olimjon To‘xtaoxunov ozod etiladi.

Ushbu janjal bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazgan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi ham Olimjonni aybsiz deb topadi.

U 2002 yil yozida Rossiyaga qaytgan va hozir Moskvada yashaydi.

Olimjon To‘xtaoxunov bir necha kazino ochganini, biroq qonun bo‘yicha taqiqlanganidan keyin kazinolarini yopganini aytadi.

U uch kitob muallifi. Rus tilidagi kitoblari nomini "Mening Ipak yo‘lim", "Ot-kutyur farishta" va "Go‘zal yigitcha" deb tarjima qilish mumkin.

Olimjon To‘xtaoxunov kinorejissyor Elyor Eshmuhamedovning "MUR", "Vorislar" badiiy filmlarida rollar ham ijro etgan.

U haqda ko‘plab hujjatli filmlar tasvirga olingan, televizion ko‘rsatuvlarda ishtirok etgan.

Olimjon To‘xtaoxunov Rossiyadagi ko‘plab mashhur kishilar, xoslar davrasining a‘zolari bilan shaxsan tanish.

U Rossiyadagi futbol jamg‘armasi prezidenti, deputat Iosif Kobzonning yordamchisi, shuningdek, ko‘plab xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi.

"Otechestvenny futbol", "Sport i moda" deb nomlangan jurnallarni nashr etadi.

Shu yil aprelida AQSh huquq-tartibot organlari Olimjon To‘xtaoxunovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘adilar.

Uni AQShda pul yuvish va noqonuniy qimorxona tashkil qilishda ayblashmoqda.

BBC bilan suhbatda u huquq-tartibot organlaridan hech kim o‘ziga murojaat qilmaganini aytgan.

Olimjon To‘xtaoxunovning 5 farzandi, 5 nevarasi bor.

BBC mehmoni rossiyalik biznesmen Olimjon To‘xtaoxunovning BBC o‘quvchilari va radiotinglovchilari savollariga javoblari

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Men hamma artistlar bilan do‘stman", deydi Olimjon To‘xtaoxunov

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova atrofidagi mojaro O‘zbekistondan uzoq-uzoqlarda ham qiziqish uyg‘otmoqda. Bugungi BBC mehmoni Olimjon To‘xtaoxunov ham Gulnora Karimova davralarida ko‘ringan. Elektron pochtamizga maktub yuborgan bir necha mushtariymiz Olimjon To‘xtaoxunovdan, Gulnora Karimova bilan qanchalar yaqinsiz, deb so‘ragan. BBC mehmoni bilan suhbatimizni ham shu savoldan boshladik.

Olimjon To‘xtaoxunov: Men uni bilaman. Men uni bu yerda (Moskvada) O‘zbek kechalarida ko‘rganman. Shaxsan ko‘rishib, gaplashganim yo‘q. U Moskvada turli kechalar, Navro‘z bayramlari tashkillashtirgan, men o‘sha kechalarda qatnashganman.

BBC: Maktubiga Grek Rimskiy deb ism qo‘yib savol yuborgan o‘quvchimiz, O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealarga munosabatingizni bildirsangiz, deb yozipti.

Olimjon To‘xtaoxunov: Men O‘zbekistonda bo‘layotgan hodisalarga uncha qiziqmayman. Ammo siz - mening yaqinlarim aytayotgan, ro‘znomalarda yozishayotgan, prezident oilasida bo‘layotgan ishlar haqida so‘rayotgan bo‘lsangiz, men o‘ylaymanki, bu oilaviy ishlar. Bu oilaviy ishlarga aralashish kerak emas. O‘zlari o‘zaro hal qilib olishadi. Bu muammo emas. Otalar va bolalar ishi hamma zamonlarda bo‘lgan. Ota bilan qizi, ota bilan o‘g‘li o‘rtasida bunday narsalar hamma oilada ham bo‘ladi. Mening o‘zimning ham bolalarim bilan janjallashib qolgan paytlarim bo‘ladi. Va men hech kimning bizning oilaviy ishlarimizga aralashishiga ruxsat bermayman.

BBC: Sizning O‘zbekistonda biznesingiz bormi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Yo‘q.

Nodir: Olimjon-aka Toshkentga kelib turasizmi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Uncha ko‘p emas-u, borib turaman.

Rustam ismli o‘quvchimiz so‘rapti: Siz Rossiyaning eng boy odami, asli o‘zbekistonlik biznesmen Alisher Usmonov, taniqli o‘zbekistonlik biznesmen Salim Abduvaliyevlar bilan qanchalik tez-tez uchrashib turasiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Alisher Usmonov bilan ko‘p uchrashmaymiz. Men uni taniyman, hurmat qilaman. Lekin juda kam ko‘rishamiz. Ayniqsa, oxirgi paytda juda kam. Yoshlik yillarimizda hozirgiga qaraganda ko‘proq uchrashib turardik. Salim Abduvaliyev mening do‘stim. Toshkentda bo‘lganimda uning uyiga mehmonga borib turaman.

BBC: Qurbonoy Kamol, Ketmonchi va yana bir necha o‘quvchimiz, Rossiyada Markaziy Osiyodan, xususan O‘zbekistondan borgan mehnat muhojirlariga hujumlar ko‘p bo‘layotgani, muhojirlarni yomonotliq qilish kampaniyasi avj olgani haqida yozishgan, nega Rossiyadagi siz kabi boy-badavlat, obro‘li kishilar bunday kampaniyalarga qarshi chiqmaysizlar, deb so‘ragan.

Olimjon To‘xtaoxunov: Bilasizmi, siz aytayotgan taqirboshlarning hujumlari kam bo‘ladi. Bunday hujumlardan keyin o‘sha taqirboshlarni tutib olishadi. Bu yerda, Rossiyada chetdan kelganlar qancha jinoyat sodir etayotganlarini, zo‘rlayotganlarini ham men ko‘rib yuribman. Ularning ko‘pi gastarbayterlar. Lekin ular o‘zlarini yaxshi tutmaydilar. Bundan tashqari, hujumga uchrayotganlar faqat o‘zbeklar emas. Ularning orasida tojiklar ham, qirg‘izlar ham bor. Muhojirlarning orasida o‘zini eng sokin tutadigani, eng kam jinoyat sodir qiladiganlari o‘zbeklar. Mana mening qo‘limda o‘zbeklar ham, tojiklar ham ishlashadi. Ular o‘zini yaxshi tutishadi. Shuning uchun hech qanday muammoga duch kelayotganlari yo‘q. Agar kelgan hammaning axloqi yaxshi bo‘lsa, jinoyat sodir etmasa, unga ham hech kim tegmaydi.

BBC: Demak siz Rossiyadagi ko‘zga ko‘ringan, taniqli kishilar hech narsa qilmayaptilar, degan fikrga qo‘shilmaysizmi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Nima qilish kerak? Rossiyaning o‘zining hokimiyati bor, jinoyatlarga qarshi ish olib boradigan o‘zining organlari bor. Bunga qarshi chora ko‘rish degani nimani anglatadi? Borib o‘sha taqirboshlarni do‘pposlashnimi? Militsiya ular bilan shug‘ullanayapti, jinoyat sodir qilganlarni ushlashayapti. Pul ishlab topish uchun kelgansizmi, ishlang, jinoyat sodir etmang, tamom-vassalom.

BBC: Biroq Rossiyaning eng yirik ro‘znomalarida ham aksilmuhojirlik kayfiyatini kuchaytiradigan "Tojik o‘ldirdi", "O‘zbek jinsiy zo‘rladi" deb nomlangan sarlavhalar ham ko‘p emasmi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Lekin bu sarlavhalar aybsiz odamga bo‘hton qilayotgani yo‘q-ku. Aslida shunday ham bo‘lgan-da. Mana keyin tutib olishayapti, televizorda ko‘rsatishayapti. Haqiqatan ham o‘sha odam shu jinoyatni sodir qilgan bo‘lib chiqayapti-da. Jinoyatga qo‘l urmaslik kerak. Eng avvalo qonunga itoatgo‘y bo‘lish kerak.

Bahodir, O'zbekiston: Siz nima deb uylaysiz, AQSh FBRi nimaga asoslanib sizga qarshi jinoiy ish ochgan. Nima uchun uning oti Tayvanchik-Trincher?

Olimjon To‘xtaoxunov: Ular o‘zining mamlakatida yuz bergan vaziyatda mening nomimdan foydalanib qolmoqchilar. U yerda bukmeykerlik kompaniyasi bo‘lgan kishilarni hibs qilganlar. Bu odamlarning izidan kuzatib yurishgan. Bilmayman, ular nima qilgan, yo soliqlarini yashirishgan yoki yana boshqa narsa. Men buni bilmayman. Meni o‘zimni shaxsan hech kim ayblagani yo‘q. Men o‘zim haqimda ro‘znomalarda yozilganlarini o‘qiganimdan boshqa hech narsani bilmayman. Agar menga ayblovni yuborishsa yoki mening o‘zimga kelib meni ayblashsa, men gap nimadaligini bilardim. Men Rossiyada yashab yurgan bo‘lsam. Meni esa Amerikada ayblashayapti. Men Rossiya Federatsiyasi qonunlarini buzganim yo‘q. Rossiyada yashab turib, Amerika qonunlarini qanday qilib buzishim mumkin? "Tayvanchik-Trincher" deb nom berishlarining sababi esa bu ishni yanada ovozaliroq, baland jaranglaydigan qilish uchun. Men futbol o‘ynab yurgan yillarim meni "Tayvanchik" deb atashgan. Avval mening ana shu nomimni tutib olib rosa do‘mbira qilishdi. Bu nomdan katta mafiozi "yasashdi". Endi esa o‘zlari ochgan jinoyat ishi jarangliroq bo‘lishi uchun hamma joyga mening nomimni suqadigan bo‘lishgan.

Alisher: Wikipediada siz haqingizda maqola bor. Bu maqolada To‘xtaoxunov tuneyadstvo degan jinoiy modda uchun qamalgan deb yozilgan. Bu qanaqa modda bo‘lgan SSSR davrida?

Olimjon To‘xtaoxunov: Band shunday atalardi - tuneyadstvo, ishyoqmaslik, tekinxo‘rlik. Ishlamasang, seni ana shu modda bo‘yicha qamashardi.

BBC: Siz rasman hech joyda ishlamaganingiz uchun qamashgan, shundaymi?

Olimjon To‘xtaoxunov: Albatta, rasman hech joyda ishlamaganim uchun qamashgan. O‘sha payt men nima ish qilishim, qayerda ishlashim mumkin edi? G‘isht zavodidami? Men futbol o‘ynardim. Mening futbol kareram tugaganidan keyin hech joyda ishlamaganman. Bolalarimiz kichkina edi. Xotinim ishlardi. Lekin bugunga kelib bunaqa jinoiy modda yo‘q. Bu Sovet Ittifoqi zamonidagi modda edi. Keyin mening bo‘ynimdan bu bandni olib tashlashdi. Meni oqlashdi. Axir men odam o‘ldirganim yo‘q, birovning mulkini o‘g‘irlaganim yo‘q.

Shavkat Toshmatov: Toshkentdan nega ketib qolgansiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Men Toshkentdan 40 yil oldin ketganman. U Sovet Ittifoqi zamoni edi. Men futbol o‘ynar edim. Moskvaning TsSKA komandasiga futbol o‘ynash uchun borganman. Keyin TsSKAning o‘zida ishladim. Uylandim. Shu yerda farzandlarim tug‘ildi. Mana endi nevaralarim ham Rossiyada dunyoga keldilar.

Vek, Moskva: Yoshligizdanoq shunaqa inson bulaman deb orzu qilganmisiz? Ya'ni mashhur.

Olimjon To‘xtaoxunov: Orzu qilgandim va bo‘ldim.

Rustam Nasimi, Tokio: Sizning sevimli muallifingiz kim? Sevimli asaringizchi? Umuman, nimani o'qishni tavsiya etgan bo'lar edingiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Men zamonaviy yozuvchilardan Boris Akunin ijodini yoqtiraman. Men uning hamma asarlarini o‘qib chiqqanman. U tarixiy asarlarida qadimgi Moskva haqida nimalarnidir to‘qib chiqarishi mumkin, lekin mana shu usuli ham menga yoqadi. Tavsiya qilishga kelsak, bu har kimning o‘zining qizishiga, didiga bog‘liq. Kimgadir muhabbat haqidagi "qaynoq" kitoblar yoqadi, kimdir esa ur-yiqit sahnalari ko‘p asarni ma‘qul ko‘radi. Shuning uchun men hech kimga tavsiya bera olmayman.

BBC: Sizga kelgan bir necha savolda Toshkentning qaysi mahallasida tug‘ilgansiz, qaysi maktabda o‘qiganingiz haqida so‘ralgan.

Olimjon To‘xtaoxunov: Men Eski shaharning Hamza ko‘chasida yashaganman. O‘rdadagi 7-maktabda o‘qiganman. Oilamiz dastlab Eski shaharda, keyinroq O‘rdada yashagan. Ozroq vaqt 21 sonli, ozroq 50 maktabda o‘qiganman. Asosiy maktabim 7-maktab bo‘lgan. Toshkent zilzilasidan keyin bu maktab buzib tashlandi. O‘rniga militsiya idorasi qurilgan.

Fahriddin, Malaziya: Assalomu alaykum. Olimjon aka Qaysi dindasiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Men musulmonman.

Odiljon Maxdumiy, O'sh: Muhtaram Olimjon aka! Sizning millatingiz nima?

Olimjon To‘xtaoxunov: Mana shu savol ko‘pchilikning izzat-nafsiga tegadi. Men o‘zbekman.

Ravshan Magdaliev: Olim aka Turkiyada biznes bilan shug'ullanishni o'ylab ko'rganmisiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Yo‘q, bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman.

Elchin, Dublin: Hurmatli Olimjon aka. Hozirgi kunda juda ko'p iqtidorli o'zbeklar USA, UK,Germany,France, Russia va boshqa o'lkalarda yashamoqda, bilimga chanqoq yoshlarga qandaydir homiylik qilish rejangiz bormi? Javob uchun oldindan rahmat

Olimjon To‘xtaoxunov: Imkoniyatim boricha men yordam berib kelganman, yordam berayapman va bundan keyin ham yordam beraman. Imkonim yetganicha. Agar kimdadir iste‘dodni ko‘rsam va u yordamga muhtojligini bilsam yordam beraman. Menga uning o‘zbek yoki o‘zbek emasligining ahamiyati yo‘q. O‘zini iste‘dodli qilib ko‘rsatadiganlar yoki tilanchilik qiladiganlarga men yordam bermayman. Mening hayotimda bunaqalar juda ko‘p uchrab turadi.

Polvon Jummi: Siz marhum san‘atkor Lyudmila Gurchenko bilan do‘st bo‘lgansiz. Hatto u kishini o‘ligini ko‘mish moliyaaviy muammmo bo‘lganda siz ërdam bergansiz deb eshitdim. Shunga aniqlik kiritsangiz. Hozir qaysi artistlar bilan do‘stsiz?

Olimjon To‘xtaoxunov: Ha, bu haqiqat. Men hamma artistlar bilan do‘stman.

BBC: Sizga savol yuborgan bir necha mushtariymiz biznesning qanday turi bilan shug‘ullanishingiz haqida so‘rashgan.

Olimjon To‘xtaoxunov: Men turli yo‘nalishdagi biznes turlari bilan shug‘ullanaman. Asosan ko‘chmas mulk. Ko‘chmas mulk qurilishi ham bor. Bir paytlar sotib olgan binolarimni ijaraga beraman. Mening biznes yo‘nalishlarim ko‘p. Lekin bu borada men ko‘p sharh berishni xohlamayman.