Isroilda tez orada Ramzan Qodirov otasi nomidagi masjid ochiladi

Image copyright Reuters

Asosan Chechenistonning puliga qurilayotgan masjid Iso payg‘ambar va shoh Sulaymonning qadami tekkan qadimiy Abu G‘osh qishlog‘ida qad rostlagan.

Ahmat hoji Qodirov nomi berilgan ushbu masjidga qadar Isroilda to‘rt minorali boshqa masjid bo‘lmagan.

Xabarlarga ko‘ra, yangi masjidda bir vaqtning o‘zida 3.000 musulmon o‘z namozini ado eta oladi.

Olti yarim ming aholisi bo‘lgan qishloqning eski masjidiga esa, bor-yo‘g‘i 150 nafar namozxon siqqan, xolos.

Uning butun qurilish ishlari naq 10 million AQSh dollariga tushgani aytilmoqda.

Mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘ini Ahmat hoji Qodirov jamg‘armasi bergan. Qolganiga qishloqliklarning o‘zlari xayriya qilishgan.

Yangi masjid zarhal gumbazining uchi 52 metrga yetadi va o‘zi butkul marmardan ishlangan.

Yangi masjidning barcha o‘ymakorlik ishlarini turkiyalik hunarmandlar tekinga qilib berishgan.

Ayon bo‘lishicha, arxitekturasi nihoyatda go‘zal ekani aytilayotgan masjidning loyihasi ustida "Checheniston yuragi" majmuasini bunyod etgan mutaxassislar ishlashgan.

Xabarlarga ko‘ra, qurilish ishlaridan Isroil tomoni ham bir chetda qolmagan.

Ular masjidning quyi qavatida kengina va bahovo qilib, ehtimoliy portlashlarga qarshi panohgoh qurib berishgan.

Checheniston prezidenti otasi nomidagi yangi masjid shundoqqina Tel-Aviv va Quddusi sharifni bir-biriga bog‘lovchi shoh yo‘l yoqasida joylashgan.

Uning qariyb 4.000 kvadrat kilometr maydonni egallagani aytiladi.

Chechenistonlik mulozimlarga ko‘ra, yangi masjidning qurib bitkazilishi barobarida Isroildagi Ahmat hoji Qodirov nomidagi ko‘cha ham butkul obodonlashtirilgan.

Image caption "Checheniston yuragi" majmuasi esa, yaqinda Rossiyaning ramzi deb topilgandi

Abu G‘osh aholisi ajdodlari chechenlar bo‘lishgani, bu yerlarga besh asrcha burun kelib qolishganini aytishadi.

Qishloqliklarning so‘zlariga ko‘ra, 1948 yilda Isroil davlatiga asos solinarkan, ikkilanib o‘tirmay uning tarkibiga qo‘shilib ketishadi.

Qishloq sobiq hokimi Salim Jabrning aytishicha, bunga o‘zlarining din va odam ajratmaydigan qilib katta qilishgani sabab bo‘lgan.

Ayon bo‘lishicha, aynan ana shu chechenlarning iltimosi bilan Checheniston tomoni ushbu ishga bosh qo‘shgan.

Chechenistonning moliyaviy ko‘magi bilan Isroilda yangi masjid qurilarmish, degan xabar shu yil boshida o‘rtaga chiqqandi.

Chechen tomoni uning imkon qadar tezlikda qurib bitkazilishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishlarini aytgandi.

Prezident Ramzan Qodirovga ko‘ra, "masjidning ochilishi nafaqat Rossiya va Isroil, balki-da Checheniston va Isroil orasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi".

Xabarlarga ko‘ra, yangi masjid qurilishi loyihasiga Isroil tomoni qarshilik qilmagan.

Checheniston rahbarining aytishicha, marhum otasining nomidagi masjid Isroilda go‘zalligi va kattaligi jihatdan Umar ibn al-Xattob tomonidan qurilgan "Al-Aqsa"dan keyingi ikkinchi masjid bo‘ladi.

Yangi masjidning ochilish marosimiga shaxsan Ramzan Qodirovning o‘zi Isroilga borarmish, degan xabarlar ham yo‘q emas.

Abu G‘osh qishlog‘i sobiq hokimi Salim Jabr esa, tadbirga Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yoki prezidenti Shimon Peres keladi, degan ishonchda.