Dunyoda 30 milliondan ortiq kishi OITSga chalingan

Image copyright AFP

1 dekabr - Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan OITSga qarshi kurash xalqaro kuni deb e‘lon qilingan bo‘lib, bu yil u 26-marta nishonlandi.

BMTga ko‘ra, ushbu xastalikka chalinishning oldini olish va davolash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, SPIDni yuqtirgan insonlarning soni yuqoriligicha qolmoqda.

Tashkilot bu raqam 35 million atrofida ekanini ma‘lum qiladi.

Birlashgan Millatlar rahbari dunyo hukumatlariga murojaat qilib, VICh virusining oldini olish va davolashning samarali yo‘lini topish amallarini tezlashtirishni so‘ragan.

BMT Bosh kotibi "SPIDni jilovlash alohida majburiyatni talab qiladi", degan.

"OITS hech qaysi xastalikka o‘xshamagan xastalikdir. OITS ijtimoiy masala, inson huquqlari masalasi, iqtisodiy masaladir. U yosh insonlar iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shishlari, aqliy salohiyatni oshirishlari, bolalarni voyaga yetkazishlari kerak bo‘lgan yoshda nishonga oladi", deb aytgan Pan Gi Mun.

Birlashgan Millatlar rahbari odamzod OITSni butkul yo‘qotishni istar ekan, buning uchun qat‘iy rahbarlik talab qilinadi, deydi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, VICh virusiga chalinishi oqibatida vafot etgan insonlarning to‘rtdan uch qismi Afrika qit‘asiga to‘g‘ri keladi.

VICh virusiga chalinganlarning uchdan ikki qismi ushbu mintaqada aniqlangan.

O‘zbekistonda

Halokatli virusni yuqtirganlarning soni dunyoning hamma joyida keng tarqalmoqda, biroq bu boradagi raqamlar Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari, Sharqiy Ovro‘poda boshqa joylarga nisbatan tez sur‘atda ko‘payayotgani kuzatilmoqda.

2012 yil boshidagi rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 21500 dan ortiq VICh infektsiyasini yuqtirgan kishi aniqlangan.

2008 yilda Rossiya hududida mehnat qilayotgan qariyb 1 million 100 kishi tekshirib ko‘rilganda 1579 virusni yangi yuqtirish holatlari aniqlangani aytilgandi.

VICh virusini yuqtirgan muhojirlarning eng ko‘pi Ukrainadan bo‘lganlar, ikkinchi o‘rinni o‘zbekistonliklar egallagan.

Afg‘onistonda

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti va Birlashgan Millatlarning OITSga qarshi kurash idorasi ma‘lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda unga yo‘liqqan qariyb 5000 kishi istiqomat qilayapti, deb ko‘riladi.

Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobicha, Afg‘onistonda OITS xastaligini yuqtirish oxirgi 1 yilda 30 foiz ko‘paygan.

Afg‘onistonda bu kasallikka yo‘liqqanlarning aksari igna orqali qo‘llariga giyohvand modda yuborayotganlar bo‘layapti.

Orttirilgan Immun Tanqisligi Sindromi

1981 yil 5 iyunda Amerika kasalliklar ustidan nazorat markazi yangi xastalikni ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Bu Orttirilgan Immun Yetishmovchiligi Sindromi edi.

1988 yil Dunyo sog‘liqni saqlash vazirlari uchrashuvidan so‘ng 1 dekabr SPIDga qarshi kurash kuni deb e‘lon qilindi.

1996 yilda BMT qoshida olti xalqaro tashkilot ittifoqi tuzilib, BMTning SPID muammolari bo‘yicha qo‘shma loyihasi deb atala boshlandi.

SPIDga qarshi kurash ramzi qizil lenta bo‘lib, bu sohada biror harakat ushbu ramzsiz o‘tkazilmaydi. Ushbu bog‘ich rassom Frank Muru g‘oyasi bo‘lib, u 1991 yil bahorida SPIDni tushunish ramzi sifatida qabul qilingan.

SPID asr balosi sifatida tan olingan.

SPID uchun ta‘sirli dori vositasi hozirga qadar o‘ylab topilmagan.