O‘shda Keldibekov tarafdorlari namoyish o‘tkazishdi

O‘sh shahrining markaziy maydonida yig‘ilgan odamlar deputat Ahmadbek Keldibekovni ozod qilishni talab qilganlar.

Ayrim namoyishchilar O‘sh viloyati hokimligi binosini bosib olishga uringanlar. Huquq-tartibot organlari buning oldi olinganini xabar qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, viloyat hokimligi binosi oldidagi 200 ga yaqin norozi olomon xavfsizlik kuchlariga qarata toshlar otganlar.

Namoyishchilarning ba‘zilari odamlarni buzg‘unchi chaqiriqlarga ergashmaslikka chaqirgan. Namoyishlarda otliqlar ham bo‘lgan.

Shuningdek O‘zgandan otlarda kelgan bir guruh yoshlarni O‘sh chegara maskanlarida ushlab qolishgan.

To‘planganlar oldiga hokimiyat vakillari chiqib, o‘zlarida Ahmatbek Keldibekovni ozod qilib yuborish vakolati yo‘qligini bildirgan.

Oldinroq markaziy maydondagi Keldibekovning minglab tarafdorlari bilan O‘sh hokimi Melis Mirzakmatov gaplashgan.

Namoyishchilar viloyat hokimligi oldida tushgacha kutishlarini, bu vaqt ichida Ahmatbek Keldibekov ozod qilinmasa, boshqa choralar ko‘rishlarini aytishgan.

Ular shuningdek, Bosh vazir Jantoro Sotiboldiyev o‘zlari bilan muzokara o‘tkazishini va viloyat hokimi Soronboy Jonbekovning iste‘fosini talab qilishgan.

Bishkekdagi BBC muxbiri To‘lqinbek Turdiboyevning aytishicha, bugun Bishkekda o‘tgan mahkama Ahmatbek Keldibekovni yana ikki oy muddatga hibsda qoldirishga qaror qilgan.

Muxbirimizga ko‘ra, namoyishlarda qatnashish uchun Keldibekovning qishloqdoshlari Alaydan yetib kelganlar.

"Ata Jurt" partiyasi vakili Axmatbek Keldibekov 20 noyabrda hibsga olingan. Unga qarshi poraxo‘rlik va o‘z xizmat vazifasini suiste‘mol qilish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan edi.