"Kim VIChga chalingan, oila qurmoqchiman"

Image copyright BBC World Service

O‘zi hukumat mulozimi esa-da, hindistonlik Anil Valiv maxsus web sahifasida yordamida OITS virusini yuqtirgan o‘nlab insonlarning boshlarini qovushtirishga muvaffaq bo‘libdi.

Anil Valiv sovchilik xizmatini ko‘rsatuvchi PositiveSaathi.com sahifasini VIChga chalinganlar uchun tekinga ochib qo‘ygan.

Agar, "Saathi" nima degani desangiz, hindchada do‘st yoki hamkorni anglatadi.

Ushbu web sahifadan foydalanuvchilarning soni esa, o‘tgan 7 yil ichida besh ming kishidan ortib ketgan.

Eng qizig‘i, o‘zlariga VICh yuqtirgan umr yo‘ldoshi izlab, web sahifadan qayddan o‘tganlarning aksariyati Hindistonning chekka qishloq hududlaridan.

Bor-yo‘g‘i 250 ga yaqinini xorijda yashovchi hindistonliklar tashkil etishadi, xolos.

Agar, Hindistonning qishloq hududlarida internetga imkoniyatning qanchalik haminqadar ekani nazarda tutilsa, bu raqamlarning ahamiyati yanada ortadi.

Ularning hammasi o‘zlariga hayot yo‘ldoshi topib bergani uchun Anil Valivdan juda minnatdorlar.

43 yoshli web sahifa asoschisining naqliyot boshqarmasida ishi boshidan oshib-toshib yotgan bo‘lsa-da, VIChga chalingan insonlarga shaxsan o‘zi sovchilik qilgan paytlar ham ko‘p bo‘lgan.

Deylik, u kishining tengdoshi bo‘lgan punelik riksha haydovchisi Ramesh Dongde ulardan biri bo‘ladi.

Ramesh Dongde bundan 11 yil burun marhum xotinidan VICh virusini yuqtirganini bilib qoladi.

U, "Bo‘ldi, hammasi tamom", degan o‘yga borarkan, hammasidan ham yolg‘iz qizining taqdiridan tashvishga tushib qoladi.

Shunda janob Valiv punelik riksha haydovchisining joniga oro kiradi.

Bundan ikki yil burun o‘zi oraga tushib, Ramesh Dongdega hozirgi xotini, avvalgi turmushidan ajragan 33 yoshli bir juvonni topib beradi.

"Yana oilaviy hayotimni tiklab olishim menga yangi kuch-quvvat berdi. Xastalikka osonlik bilan bo‘yin egmaslikka undadi", - deydi u.

Hammasi tekinga, ammo...

Image copyright BBC World Service

Janob Valiv web sahifasini tekinga yuritish bilan birga, o‘z xizmatini taklif etuvchi e‘lonlarni chop etish, tarqatish ishlarini ham o‘z yonidan qiladi.

Uning aytishicha, VIChga chalingan insonlardagi gunoh va chorasizlik hissi bois, ularning ko‘ngillari yo‘l topish ham oson bo‘lmaydi.

Ustiga ustak, OITS virusini yuqtirishganiga qaramay, ulardan aksariyati o‘zlarining tabaqalaridan bo‘lgan umr yo‘ldoshi topib berishimni xohlashadi, deydi janob Valiv.

"Mijozlarimdan aksariyati oila qurmasang bo‘lmaydi, deb oyoq tirab olgan yaqinlaridan o‘zlarining VIChga chalinganliklarini yashirishadi. Hamma muammo ana shunda".

Boshqa tomondan, ayniqsa, qizlari bo‘lgan beva ayollarning qismati og‘ir ekan.

Chunki sarpo-surug‘ini o‘ylab, ular bilan oila quraman deganlar oz uchrarkan.

Yangi umid

Image copyright BBC World Service

"Mening vazifam - vositachilik qilish. VIChga chalingan insonlar avvaliga web sahifam yoki uchrashuvlarim orqali bir-birlari bilan tanishishadi. Uyog‘iga o‘zlari topishib ketishadi", - deydi janob Valiv.

Uning aytishicha, shuning uchun ham ulardan aniq qanchasining oila qurib ketishgani haqida bir so‘z deyish qiyin.

Ammo, agar web sahifada qoldirilgan minnatdorchilik izhorotlariga qaralsa, bu kabi juftlarning soni 400 tachani tashkil qiladi.

Ularning orasida Singapur, Buyuk Britaniya, Olmoniya va dunyoning boshqa davlatlarida yashayotgan hindistonliklar ham bor.

Janob Valiv o‘z faoliyatining muvaffaqiyati haqida so‘z ketganda, 2010 yilni alohida tilga oladi.

Uning aytishicha, o‘sha yili Puneda bir kunning o‘zida 22 juft boshlarini bir yostiqqa qo‘yishgan.

O‘sha kuni baxtini topganlardan biri tibbiyot xodimasi bo‘lgan Lata xonim bo‘ladi.

Uning birinchi eri 2002 yilda VICh virusi sabab hayotdan ko‘z yumgan.

Bor-yo‘g‘i 26 yoshida ekani chog‘i uning o‘zida ham ushbu virusni topishadi.

Hali 1 yoshga ham to‘lmagan o‘g‘ilchasining ham VICh virusini yuqtirganini bilgach, Lata hayotdan butkul umidini uzadi.

Biroq Lata aynan Anil Valivning ko‘magida hozirgi eri Vijayni uchratadi.

Vijayning xotini ham VICh virusi tufayli hayotdan ko‘z yumgan. O‘zi ham 12 yildirki, ana shu virus bilan yashaydi.

Ammo hozir 2 yoshda bo‘lgan o‘g‘illari Rishi ham VICh virusi bilan tug‘iladi.

Lata o‘zlarining bunday ko‘rgo‘likka chidashlari juda qiyin bo‘layotganini aytadi.

Lekin janob Valivga ko‘ra, o‘zining yordami bilan oila qurgan yigirmadan ortiq juftning bolalari sog‘lom dunyoga kelishgan.

web sahifam ommalashib borarkan, do‘stlarim, boshqa xayrixoh bo‘lgan insonlar va tashkilotlar o‘z yordamlarini taklif etishmoqda, - deydi u.

Hozir janob Valiv o‘zining web sahifasidan OITS xastaligi sabab yetim qolgan bolalarga ko‘mak berish ishlarini uyushtirishda ham foydalanmoqda.

"VICh hech kimning orzulari yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmasligi kerak", - deydi u.